O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kam taʼminlanganlarga ajratilgan 82,2 million soʻm talon-toroj qilindi
2020-07-23 | Jamiyat
Aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, kamgʻaballikni qisqartirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda ajratilayotgan byudjet mablagʻlari oʻz manziliga yetib borayapdimi? Taassufki, bu savolga toʻliq ijobiy javob berish qiyin.
Chunki kam taʼminlanganlar uchun byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlarni oʻz egalariga yetkazib berishga masʼul xodimlar bu mablagʻlarga koʻz olaytirayotgan holatlar yoʻq emas. Boshqacha aytganda, bunday yulgʻichlik oqibatida shundogʻam karantin sharoitida qiynalayotgan odamlar ahvoli battar ogʻirlashmoqda.
Xususan, aholining holidan bevosita xabardor boʻlishi shart boʻlgan mahallalar faollari hududidagi ehtiyojmand oilalar qolib, boshqalarga moddiy yordam rasmiylashtirishdek tuban ishlarni davom ettirmoqda.
Misol uchun, Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi “Yakka tut” mahalla fuqarolar yigʻini mansabdor shaxslari tomonidan kam taʼminlangan oilalar toifasiga kirmaydigan 51 nafar fuqaroga asossiz ravishda moddiy yordam puli toʻlab bergan. Buning oqibatida 82,2 million soʻm byudjet mablagʻi talon-toroj qilingan.
Holbuki, bu mablagʻ qora qozoni qaynamay qolgan, yordam soʻrab mahallaga chiqishga ham bota olmay qolgan odamlarning haqi edi. Shunday odamlar kimligi va manzilini esa faollar besh qoʻldek yaxshi biladi.
Demak, ulardan koʻz yumib, ajratilgan mablagʻ boshqa yoʻl bilan talon-toroj qilingan ekan, buning zamirida boshqa “maqsad” yashirinmagan, deb aytish mushkul.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga koʻra, yuqoridagi holat Bosh prokuratura huzuridagi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Shahrixon tumani boʻlimi xodimlari tomonidan viloyat davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh etilgan.
Mazkur holat yuzasidan mahalla fuqarolar yigʻini mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a,v,g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Norgul Abduraimova, OʻzA
Manba: O'zA