O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Elchisi Portugaliya Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi
2020-07-21 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Elchisi Sardor Rustamboyev 2020-yil 20-iyul kuni Lissabon shahrida Portugaliya Respublikasi Prezidenti Marselo Rebelo de Souzaga ishonch yorlig‘ini topshirdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda Portugaliya Prezidenti O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadal va izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Marselo Rebelo de Souza O‘zbekiston Prezidenti bilan 2019-yil aprel oyida Pekin shahrida «Bir makon – bir yo‘l» sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan samimiy uchrashuvni eslab, davlatimiz rahbariga chuqur hurmatini hamda ezgu tilaklarini izhor etdi.
Portugaliya rahbari hamkorlik kun tartibidagi masalalar, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi munosabatlarning keng qamrovli jihatlari yuzasidan fikr almashar ekan, o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlash tarafdori ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Sardor Rustamboyev O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi hisoblanadi. 2018-yil sentabr oyida Fransiya Prezidenti Emanuel Makronga ishonch yorlig‘i topshirilgan edi.
Sardor Rustamboyev bir vaqtning o‘zida mamlakatimizning Portugaliyadagi Elchisi vazifalarini ham bajaradi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi