O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xitoyning “Innoway” kompaniyasi bilan muzokaralar oʼtkazildi
2020-07-20 | Innovatsiya
17 iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Xitoyning “Innoway” kompaniyasi oʼrtasida video-konferents aloqa orqali uchrashuv boʼlib oʼtdi. Uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʼi Аbbos Boboxonov kompaniya vakilining vazirlik bilan hamkorlik oʼrnatishga qiziqish bildirgani uchun minnatdorchilik bildirib, hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar boʼyicha maʼlumotlar berdi. “Innoway” kompaniyasi bosh direktori Ni Lishia (Nie Lixia) kompaniyaning innovatsiya va IKT sohasidagi yutuqlari hamda kelajak uchun rejalari bilan oʼrtoqlashdi.
Uchrashuv davomida hamkorlikda yurtimizda innovatsion markaz tashkil etish, Oʼzbekistonlik innovatsiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yoshlarga “Innoway” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, Xitoyning eng yaxshi tajribasiga asoslangan holda respublikamizda integratsiyalashgan innovatsion tizimni shakllantirish, jumladan, kichik va oʼrta innovatsion korxonalarning jadal rivojlanish dasturlari, innovatsion markazlar va maxsus innovatsion zonalarni boshqarish, barqaror innovatsiyalarni rivojlantirish boʼyicha birgalikda ishlash boʼyicha muzokaralar olib borildi.
Shu bilan birga, “Innoway” kompaniyasi Oʼzbekiston Respublikasida 5G texnologiyasi qamrovini kengaytirish, yangi innovatsion infratuzilmalarni joriy etish boʼyicha katta qiziqish bildirdi. Bu ishlarni amalga oshirishda kompaniyaning Birlashgan Аrab Аmirliklari, Slovakiya va boshqa davlatlardagi muvaffaqiyatli tajribasidan foydalanish mumkin ekanligi taʼkidlandi.
Oʼz navbatida, “Innoway” kompaniyasining Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etiladigan “Innoweek 2020” innovatsion haftaligi tadbirlarida ishtirok etishi toʼgʼrisida ham soʼz yuritildi. Uchrashuv soʼngida tomonlar erishilgan kelishuvlar natijasida tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va bu asosida amaliy ishlarni boshlashga kelishib olishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi