O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navoiy viloyatida investitsiya faoliyatini rivojlantirishning kelgusidagi istiqbollari aniqlandi
2020-07-20 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 18-19-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan tashkil topgan ishchi guruh Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida tadbirkorlar va eksportchilar bilan manzilli ish olib borildi hamda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi o‘rganilib, investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi istiqbolli yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi. Korxonalar va ob'yektlarga bevosita borish hamda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish natijasida tadbirkorlarning dolzarb muammolarini batafsil o‘rganishga va ularni zudlik bilan hal etish bo‘yicha kompleks choralarni ko‘rishga erishildi.
Navoiy viloyatining 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan hududiy rivojlanish dasturi tanqidiy tahlil qilindi. Sanoat ishlab chiqarish hajmlarini sezilarli darajada oshirish, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish va viloyatning eksport salohiyatini oshirishga imkon beradigan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, Zarafshon, Uchquduq va Nurota tumanlarida investitsiyalarni jalb qilishning past ko‘rsatkichlari qayd etildi, shu sababli tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga tarmoq idoralari va birlashmalari bilan yaqin hamkorlikda iqtisodiy samaradorlikning yuqori ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadigan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Kasanachilikni rivojlantirish va mahalliy aholi uchun doimiy daromadning qo‘shimcha manbalarini yaratish maqsadida bog‘dorchilik, quyonchilik, asalarichilik, pillachilik, parrandachilik, shuningdek, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qator loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu yo‘nalishda Navoiy va Zarafshon shaharlarida shuningdek, Konimeh, Tomdi, Qiziltepa va Uchquduq tumanlarida hunarmandchilik, chorvachilik, parrandachilik va to‘qimachilikka alohida urg‘u bergan holda, qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqish topshirildi.
Navoiy viloyati shahar va tumanlarining iqtisodiy salohiyatini chuqur o‘rganish yo‘li bilan investitsiyalarni jalb qilishning ustuvor tarmoqlari: bog‘dorchilik, qorako‘lchilik, yengil va kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalari aniqlandi.
Ushbu loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sohalarni rivojlantirishga xalaqit beradigan tizimli omillar ko‘rib chiqildi. Xususan, Tomdi, Uchquduq, Qiziltepa, Xatirchi va Nurota tumanlarining infratuzilmasini kengaytirish va zamonaviylashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriqlar berildi. Shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish maqsadida tuman va shaharlarning mavjud resurslarni tahlil qilish bo‘yicha ishni davom ettirish topshirildi.
“Quruq port” tashabbusining amalga oshirilishi alohida ko‘rib chiqildi. Tegishli idoralar rahbarlariga ushbu majmuaning muvaffaqiyatli ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni ta’minlaydigan bir qator omillarni hisobga olgan holda loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirish topshirildi. Jumladan, arzon va sifatli bojxona-logistika xizmatlarini taqdim etish tizimini hamda mijozlarga va logistika kompaniyalariga yonilg‘i-moylash materiallarini raqobatbardosh narxlarda taqdim etish mexanizmini yaratish zarurligi qayd etildi, bu esa kelajakda «DHL», «FedEx», «Cargo Lux» kabi yirik xorijiy operatorlarni jalb qilishga imkon yaratadi.
Safar natijasida mas’ul rahbarlarga aniq muddatlar va kutilayotgan natijalar ko‘rsatilgan manzilli topshiriqlar berildi. Ularning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ta’minlanadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi