O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy o‘sish nuqtalari belgilandi

2020-07-20 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 18-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligidagi va vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh investitsiya loyihalarini amalga oshirishni o‘rganish, viloyatda iqtisodiy o‘sishning "drayverlari"ni aniqlash, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilar xo‘jalik faoliyati davomida duch kelayotgan masalalarni hal etish uchun Qashqadaryo viloyatiga yo‘l oldi.

Safar davomida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar chuqur tahlil qilindi, tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish orqali kredit mablag‘lari, yer, bo‘sh bino va inshootlar ajratilishi, kommunal tizimlarga ulanish va boshqa omillar bilan bog‘liq muammoli masalalar aniqlandi. Ushu masalalar yechimi bo‘yicha mas’uliyat tegishli davlat tuzilmalari va tijorat banklari rahbarlari zimmasiga yuklandi. Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida viloyat tuman va shaharlarining resurs salohiyati va infratuzilmasini o‘rganish ishlari tashkil etildi.

Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2020-2021-yillarga mo‘ljallangan hududiy dasturi atroflicha qayta ko‘rib chiqildi. Dasturga umumiy qiymati 6,1 trln so‘mlik 1321 ta loyiha kiritilgan. Shu bilan birga, 2021-yilning 1-aprelidan kechiktirmay 2,0 trln so‘mlik 793 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ishchi guruh a’zolariga yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish va viloyatning iqtisodiy o‘sish nuqtalaridan to‘liq foydalanish topshirildi.

Dehqonobod, Kasbi, Qamashi, Muborak va Shahrisabz tumanlarida investitsiya jalb qilish darajasining yetarli emasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tegishli vazirlik, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga yangi loyihalar amalga oshirishning jadvallarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash topshirildi. Shuningdek, Chiroqchi va Mirishkor tumanlari iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun qo‘shimcha ravishda yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu loyihalarni baholash va tasdiqlashning asosiy mezoni - qisqa muddatda ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishdan iborat bo‘lgan iqtisodiy natijalarga erishish imkoni hisoblanadi.

Viloyatda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish borasidagi ishlarning borishi ham tahlil etildi. Hozirgi kunga kelib, 51 391 oila qo‘llab-quvvatlash va doimiy daromad manbaiga muhtojligi aniqlangan. Idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga bu borada rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish topshirildi.

Safar davomida "Chiroqchi" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning borishi o‘rganildi. Uning hududida umumiy qiymati 26 mln dollarlik ikkita pilot investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu EIZning muhim iqtisodiy salohiyatini hisobga olgan holda, tashabbuskorlari va moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lgan yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, infratuzilma holatini o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, tegishli idoralar rahbarlariga zarur kommunal-muhandislik tizimlari, jumladan, elektr va gaz tarmoqlari, optik tolali aloqa kabellarini o‘tkazish va avtomobil yo‘llarini barpo etish masalalarini tezkorlik bilan hal etish topshirildi. Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi kichik sanoat zonalari hududlarida yangi loyihalarni ishlab chiqish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Hududni kompleks tahlil etish natijasida qishloq xo‘jaligi sohasi salmoqli rivojlanish salohiyati borligini ko‘rsatdi. 2020-2021-yillarda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida “Issiqxona shaharchasi”ni tashkil etishni o‘z ichiga olgan umumiy maydoni 400 gektar bo‘lgan issiqxonalar, shuningdek, Qamashi va Kasbi tumanlarida bir qator yuqori texnologiyali issiqxonalar barpo etilishi rejalashtirgan. Shu munosabat bilan mazkur loyihalarning tashabbuskorlariga har tomonlama ko‘mak berish, shuningdek, Kitob, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari hududida umumiy maydoni 3,5 ming gektar bo‘lgan tokzorlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Viloyatda chorvachilik sohasi ham noyob salohiyatga ega, shuning uchun bu sohani yanada rivojlantirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish va ushbu sohada qo‘shilgan qiymatni maksimal darajada oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish istiqbollariga e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan mutasaddi rahbarlarga viloyatda ozuqa bazasini rivojlantirish shuningdek, sut va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi klasterlarni yaratish, charmni qayta ishlash va tayyor charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologik korxonalarni ishga tushirish maqsadida tashabbuskorlarni aniqlash va loyihalarni ishlab chiqish topshirildi. Bunga mavjud ishlab chiqarish ob'yektlarini zamonaviylashtirish va yangi quvvatlarni barpo etish yo‘li orqali erishish mumkin.

Shuningdek, hududda qurilish materiallari mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun noruda xom ashe materiallari, shu jumladan ohak tosh, granit, marmar, dolomit, keramzit, bentonit, gips va kvarts kabi konlarining mavjud zaxiralarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va pardozbop materiallar ishlab chiqarish uchun yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Hudud iqtisodiy rivojlanishining yana bir istiqbolli sohasi to‘qimachilik sanoati hisoblanadi: 2019-yilning oxiriga kelib viloyatda paxtani qayta ishlash darajasi atigi 41% ni tashkil etdi, bu esa yangi ishlab chiqarish ob'yektlarini tashkil etish uchun iqtisodiy asos hisoblanadi. Mas’ul rahbarlarga yangi quvvatlarni ishga tushirish va mavjud korxonalarni yangilash hisobiga yetishtiriladigan paxtani qayta ishlash darajasini 100% ga yetkazish, ip-kalavadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish darajasini 60% gacha oshirish vazifasi topshirildi.

Ushbu vazifalarni bajarish uchun istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda xorijda yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimizning tajriba va salohiyatidan faol foydalanish tavsiya etildi. Shuningdek, shu nuqtai nazardan Qashqadaryo viloyatida “Loyiha fabrikasi”ni tashkil etishni tezlashtirish topshirildi.

Tashrif natijasida mutasaddi rahbarlarga investitsiya faoliyatini kuchaytirish, infratuzilmani zamonaviylashtirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatmalar berildi. Bosh prokuratura yuqorida qayd etilgan ko‘rsatmalarning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться