O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyatida investitsiyalar va tashqi savdo holati o‘rganildi
2020-07-20 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari tarkibidagi ishchi guruh investitsiya va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirilishini monitoring qilish, hududda iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlash, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilarning mavjud muammolarini o‘rganib, tezkor hal qilish maqsadida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Ishchi guruh a’zolari joylardagi korxonalarga borib, tadbirkorlar va eksportchilar faoliyatini, shuningdek, mintaqa infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ishlarning borishini o‘rganib chiqdi.
Hududiy rivojlanish dasturining tahlili o‘tkazildi. Uning doirasida 2020-2021-yillarda viloyatda 22,2 trln so‘mlik 1449 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, umumiy qiymati 6,7 trln so‘m bo‘lgan 1057 ta loyiha doirasida barpo etilayotgan ishlab chiqarish ob'yektlari 2021-yil 1-iyuldan kechikmay foydalanishga topshiriladi. Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm viloyatning istiqbolli sohalari hisoblanadi. Tahlil natijasida Surxondaryo viloyatining Uzun, Muzrabot, Boysun, Angora va Sherobod tumanlarida investitsiyalarni jalb qilish ko‘rsatkichlarining pastligi aniqlandi, shu munosabat bilan tijorat banklari rahbarlariga tegishli mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari va xususiy tashabbuskorlar bilan birgalikda ushbu tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sur’atlarini oshirishga imkon beradigan qo‘shimcha investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Hudud iqtisodiy rivojlanishining drayveriga aylanishi mumkin bo‘lgan istiqbolli tarmoqlar alohida ko‘rib chiqildi, bunda, xususan, bog‘dorchilik va uzumchilik sektori katta salohiyatga ega. Viloyatda jami 0,6 ming gektar maydonda samarasiz foydalanilayotgan bog‘lar va uzumzorlar mavjudligi aniqlandi. Ushbu hududlarni optimallashtirish va yangi bog‘dorchilik korxonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi, ular hisobiga 1,1 ming gektardan ortiq bog‘lar va uzumzorlar hamda 3 ming gektar maydonda anorzorlar barpo etiladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 103 ta tashabbuskor aniqlanib, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, mas’ul rahbarlarga yangi bog‘lar va uzumzorlar yaratish uchun 3,5 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ish olib borish topshirildi. Shuningdek, viloyatda 2021 yil oxiriga qadar meva yetishtirish hajmining 30 foizga o‘sish prognozini hisobga olgan holda mahsulotni qayta ishlash darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
To‘qimachilik va trikotaj sanoatida umumiy qiymati 169 mln dollarga teng 55 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirildi, bu esa 5,2 ming yangi ish o‘rni yaratishga imkon beradi. Ushbu yo‘nalishda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali taniqli brendlar ostida tayyor mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor qaratish topshirildi.
Shuningdek, mintaqada mavjud bo‘lgan ohaktosh, marmar, granit, dolomit, travertin va boshqa qazilmalarning zahiralarini hisobga olgan holda, umumiy qiymati 297,6 mln dollarlik qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 166 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Mintaqaviy rivojlantirish dasturi doirasida ustuvor tarmoqlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi, shu munosabat bilan tarmoq birlashmalari rahbarlariga Surxondaryo viloyati uchun elektrotexnika, charm-poyabzal, to‘qimachilik, farmatsevtika sohalarida hamda qurilish materiallari sanoatida istiqbolli loyihalarni o‘z ichiga olgan mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Viloyatning qulay geografik joylashuvini, ya’ni Afg‘oniston bilan chegaradoshligini hisobga olgan holda, ishlab chiqilayotgan loyihalar salmoqli eksport salohiyatiga ega bo‘lishi va tashqi bozorlarning talab va ehtiyojlariga mos kelishi lozimligi ta’kidlandi.
Guruh rahbariyati "Ayritom" chegara majmuasi hududiga tashrif buyurib, mavjud infratuzilma va taqdim etilayotgan bojxona va logistika xizmatlari turlarini o‘rganib chiqdi. Tashqi iqtisodiy faoliyat sub'yektlarning ehtiyojlarini to‘la va sifatli qondirish uchun bojxona nazorat punkti faoliyatini yanada takomillashtirishning ustuvor choralari belgilandi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Afg‘oniston yo‘nalishida yuk tashishni yanada faollashtirish va O‘zbekiston-Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
"Termiz" erkin iqtisodiy zonasi iqtisodiy salohiyatidan maksimal darajada foydalanish maqsadida uning hududida tayyor to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yirik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda tegishli idoralar rahbarlariga zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortib kelish va yo‘llarni barpo etish ishlarini ham tezkor ravishda amalga oshirish topshirildi.
Aholini ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi: bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, hunarmandchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat va zargarlik sohalarida ishga solinmagan imkoniyatlar qayd etildi.
Shuningdek, viloyatda 622,8 mln dollarni tashkil etuvchi 13 ta infratuzilma loyihalarining jumladan, 419,4 mln dollar miqdoridagi Surxondaryo viloyati suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va rekonstruktsiya qilish loyihalari, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan shahar va viloyat markazlarida kanalizatsiya tizimlarini qurish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirishining borishi o‘rganildi. Bundan tashqari, 805 mln dollar miqdoridagi avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha 9 ta loyihani, jumladan, "Bishkek-Dushanbe-Termiz" avtomobil yo‘li, shuningdek, M39 "Toshkent-Termiz" avtomobil yo‘lining uchastkalarini qayta ta’mirlash loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘rganish natijasida mavjud masalalarni hal etish va ushbu loyihalar amalga oshirilishini jadallashtirish yuzasidan maqsadli ko‘rsatmalar berildi.
Viloyatga amalga oshirilgan tashrif yakunida mas’ul rahbarlar biriktirilgan va topshiriqlar muddatlari aniq belgilangan holda investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatni kuchaytirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkor va eksportchilarga maqsadli yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar rejalashtirildi. Yuqorida ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi