O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida qo‘shma bayonotni muhokama qilish bo‘yicha ekspertlar guruhining uchrashuvi yakunlari to‘g‘risida
2020-07-16 | MDH
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi doirasida 2020-yilning 15-iyul kuni MDH ishtirokchi davlatlari ekspertlari videokonferensaloqa shaklida Hamdo‘stlik davlatlari rahbarlarining xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti loyihasini muhokama qildilar.
Tadbirda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Moldova (kuzatuvchi sifatida), Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari vakillari ishtirok etdilar.
Muhokama qilinayotgan hujjat jahon hamjamiyati e’tiborini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, ularni xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash vazifalari bilan bog‘liq maqsadlarda ishlatishning zaruratiga e’tibor berishga undaydi.
Uchrashuvda hujjat loyihasi yuzasidan tomonlarning e’tiroz va takliflari muhokama qilindi va matnning asosiy bandlari kelishildi.
Qo‘shma bayonot loyihasini muhokama qilishni joriy yilning 21-avgust kuni videokonferensiya shaklida davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Loyiha ma’qullangandan so‘ng hujjat joriy yil oktabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan MDH davlatlari rahbarlari kengashining majlisida qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi