O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Misr Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-07-15 | Siyosat
2020-yil 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Hani Salim bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Misr munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, 2018-yil sentabr oyida Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Abdulfattah as-Sisining uchrashuvi va muzokaralari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.
Xalqlarimizning ma’naviy, tarixiy-madaniy umumiyligi, urf-odatlarining o‘xshashligi O‘zbekiston-Misr munosabatlarining mustahkam asosi ekani ta’kidlandi. Shu o‘rinda Misr tomoni Iskandariya kutubxonasi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, 2019-yilda 40 dan ortiq Misr delegatsiyalari O‘zbekistonga tashrif buyurib, 10 ta biznes forumi va B2B shaklidagi uchrashuvlarda ishtirok etdi, ushbu tadbirlar davomida 30 dan ortiq bitimlar va memorandumlar imzolandi.
“O‘zbekiston – Misr” va “Misr – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhlari tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etildi, bu esa qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.
Tomonlar xalqaro ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi