O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari tadbirkor va eksportchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi
2020-07-14 | Jamiyat
10 - 12-iyul kunlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida xizmat safarida bo‘lib, tadbirkor va eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelyotgan masalalarni hal etishga qaratilgan maqsadli ishlarni amalga oshirdi.
Ish jarayonida joylardagi korxonalar va ob'yektlarga chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning may-iyun oylarida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosining monitoringi o‘tkazildi, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi o‘rganildi, dolzarb muammolar aniqlandi va ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, aniqlangan masalalarni hal etishning aniq muddatlari va tegishli tuzilmalar va tashkilotlarni jalb qilgan holda ijrosiga mas’ul rahbarlar belgilandi.
Bo‘sh turgan bino va inshootlar ulardan foydalanishning eng istiqbolli variantlarini ishlab chiqish, jumladan, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish maqsadida inventarizatsiya qilindi. Barqaror ichki kooperativ aloqalarga ega klaster shaklidagi korxonalarni yaratishning ustuvorligi ta’kidlandi. Klasterlarni tashkil qilish evaziga mahsulotning ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada kamaytiriladi hamda ichki va tashqi bozorda uning raqobatbardoshligi mustahkamlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan “Tadbirkor - islohotchi” tizimi doirasida tadbirkorlik sub'yektlari bilan ishlash natijalari alohida ko‘rib chiqildi. Ushbu tashabbus doirasida hududdagi 295 ta yirik, 1845 ta o‘rta va 34573 ta kichik korxonalarga respublika va viloyat ishchi guruhlari a’zolari, shuningdek, shahar va tumanlarning 4 ta sektor rahbarlari tegishli ravishda biriktirildi. Hozirgi kunga kelib, 5 mingdan ortiq korxonalar faoliyati o‘rganilib, 500 ga yaqin muammoli masalalar aniqlandi va 350 dan ko‘prog‘i tegishli idoralar va tijorat banklarini jalb qilgan holda joyida hal etildi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari korxonalari kesimida tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratish hamda soliq va moliya organlari tomonidan tadbirkorlarga ilgari to‘langan QQS summalarini qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar tanqidiy ko‘rib chiqildi shningdek, eksport faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha ushbu chora-tadbirlarning samaradorligi baholandi.
Farg‘onga vodiysining uchta viloyatlarida amalga oshirilishi belgilangan investitsiya loyihalarning maksimal iqtisodiy samarasini ta’minlash maqsadida ularning puxta inventarizatsiyasi o‘tkazilib, iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari baholandi va yangi istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqildi. Mutasaddi rahbarlarga rejalashtirilgan loyihalarning yaqin idoralararo hamkorlikda ijrosini tezlashtirish, tijorat banklari rahbarlariga kredit resurslarini o‘z vaqtida ajratishni ta’minlash topshirildi.
Shuningdek, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etilgan “Loyiha fabrikalari” faoliyati ko‘rib chiqildi. Ularning vazifasi - shahar va tumanlarning ijtimoiy - iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini aniqlash va resurs va sanoat salohiyatini tahlil qilish hamda loyihaviy takliflarni ishlab chiqib mahalliy va xorijiy investorlarni kelgusida ularning amalga oshirilishiga jalb qilish.
Bundan tashqari, xizmat safari davomida vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, chet eldagi vakolatxonalar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida har bir viloyatda videokonferentsiyalar shaklida muhokamalar o‘tkazilib, ular davomida ish yakunlarining sarhisobi o‘tkazildi, ochiq qolgan masalalar ustida ish olib borildi hamda tadbirkorlar va eksportchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yangi ishlab chiqarish ob'yektlarini tashkil etish, doimiy ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi boshlab yuborilgan loyihalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun vazirlik, idora, sanoat birlashmalari, tijorat banklari, elchixonalar va chet el davlatlaridagi bosh konsulliklar hamda mahalliy hokimliklar rahbarlarining birgalikdagi faoliyatiga ustuvor ahamiyat berildi. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 2020-2021-yillar davomida jami 186 367 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan 32,9 trln so‘mlik 4015 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Safar yakunida tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni maqsadli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, mas’ul rahbarlar va ijro etishning aniq muddatlari belgilandi. Bosh prokuratura topshiriqlarning ijrosi ustidan tizimli nazorat olib boradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi