O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ICBA bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda
2020-07-10 | Iqtisodiyot
2019-yilda mamlakatda barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma faoliyatni faollashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) o‘rtasida strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Vazir Jamshid Xodjayev va ICBA bosh direktori Ismaxane Yeloufai o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi.
Kelishuv ekinlarni diversifikatsiyalash, chorvachilik va o‘rmon xo‘jaligini integratsiyalashgan tizimlari, urug‘chilikka oid dasturlarni ishlab chiqish hamda innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni joriy qilishdagi hamkorlikni ko‘zda tutadi.
Vazir Jamshid Xodjayev hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishdagi aniq maqsadlarga to‘xtaldi:
— O‘rta Osiyo mintaqasi oziq-ovqat xavfsizligi sohasida ko‘plab muammolarga duch kelmoqda va yer sug‘orish uchun suv yetishmasligi hamda tuproq yemirilishining kuchayishi, hosildorlikning 20-30%ga pasayishi sharoitida aholini yuqori oqsilli mahsulotlar bilan ta’minlash zarurati paydo bo‘lmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish sharoitida sho‘rlanishga bardoshli yangi o‘simliklarni joriy etish muhim ahamiyat ega. O‘zbekistonda kinoa (Chenopodium quinoa Willd.) o‘simligining yuqori oqsilli mahsulot sifatidagi ahamiyatini hisobga olgan holda, aholi oziq-ovqat ta’minoti va chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish uchun ozuqa bazasini yaratish zaruratidan kelib chiqib, 2020-yilda Qoraqalpog‘iston respublikasida kinoa ekish bo‘yicha 4 ta yer uchastkalarida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.
ICBA bosh direktori, doktor Ismaxane Yeloufai shunday deydi:
- Biz Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan mamnunmiz. Ushbu kelishuv hamkorligimizni yanada rivojlantiradi. Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkazdagi bizning ishtirokimizni kengaytiradi. Biz innovatsion texnologiyalar va yondashuvlardan foydalangan holda, mamlakatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qishloq aholisi, ayniqsa, Orol dengizi havzasida istiqomat qiluvchilarning oziq-ovqat xavfsizligi, turmush tarzi uchun zarur shart-sharoitlarni yaxshilashga harakat qilamiz.
Kelishuvga muvofiq, tomonlar sho‘rlanishni boshqarish hamda yer va suv unumdorligini oshirish sohasida ham hamkorlik qilishadi.
Bundan tashqari, hamkorlikdagi faoliyat iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish, ekotizim xizmatlarini va agroekotizimning barqarorligini baholash orqali ekologik barqarorlik bo‘yicha chora-tadbirlarni tadqiq etishga qaratiladi.
ICBA tovar va oziq-ovqat ekinlari, shu jumladan, yig‘im-terim, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va marketing, qishloq joylarida hayot kechirish uchun zarur shart-sharoitlar, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat ta’minoti uchun qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirish bo‘yicha siyosat va strategiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi