O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro mehnat tashkilotining COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari bo‘yicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi
2020-07-09 | Siyosat
JENEVA, 9-iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari bo‘yicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Jeneva sammitida 80 dan ortiq davlat, hukumat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan BMT, Jahon savdo tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirni Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder olib bordi.
Oliy martabali mehmonlar qatorida Shveytsariya Prezidenti Simonetta Sommaruga xonim, Irlandiya Prezidenti Maykl Xiggins, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Je In, Kolumbiya Prezidenti Ivan Duke Markez, Germaniya Kantsleri Angela Merkel, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchez, Italiya Bosh vaziri Juzeppe Konte, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon va boshqalar qayd etildi. Ular milliy, mintaqaviy va xalqaro darajada pandemiya salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘z mamlakatlarida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi.
XMT rahbari taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev onlayn tashkil qilingan global sammit ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida joriy yil boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat global kun tartibidagi eng muhim masalaga aylanganini ta’kidladi. Koronavirus infektsiyasi tarqalishining salbiy ta’sirini bevosita yoki bilvosita sezmaydigan biror mamlakat yoki mintaqa yo‘qligini qayd etdi.
Ushbu va boshqa global muammolarga samarali yechim topish uchun birinchi navbatda kelishilgan harakatlar zarur. Xalqaro mehnat tashkiloti Global sammitni tashkil qilish orqali «soatlarni to‘g‘rilab olish» uchun qulay platformadir.
Pandemiya sharoitida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bilan birga, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining yuz yillik deklaratsiyasida belgilangan ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Murojaatda XMT konventsiyalarining milliy qonunchilik va amaliyotda implementatsiya qilinishi, xususan, uch tomonli maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonda uch tomonlama ijtimoiy muloqot rivojlanishiga kuchli turtki bo‘lgani qayd etildi.
Pandemiya davrida “tripartizm plyus” tamoyiliga muvofiq, inqirozga qarshi choralarni ishlab chiqish jarayonida biznes, kasaba uyushmalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Bu aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiluvchi inqirozga qarshi dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kafolatidir.
Ta’kidlanganidek, pandemiya barqaror xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda qator muammolar borligini va favqulodda vaziyatlarda global strategik harakatlar rejasining yo‘qligini namoyon qildi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari BMT shafeligida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Prezidentimizning fikricha, ushbu kodeksda davlatlarning o‘z fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va inson huquqlari sohalaridagi eng kam shartlari va majburiyatlari belgilab qo‘yilishi kerak.
Xususan, birinchidan, cheklov choralari faqat vaqtincha, fuqarolar huquq va erkinliklariga majburiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.
Bunday choralar xalqaro savdoga, ayniqsa tibbiy mahsulotlarga, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga to‘sqinlik qilmaslik bo‘yicha xavflarga mutanosib bo‘lishi shart.
Ikkinchidan, pandemiyaning tez tarqalishi tizimli, o‘z vaqtida va samarali profilaktik choralarni ko‘rish zarurligini, shu bilan birga, pandemiya e’lon qilingan vaqtda sog‘liqni saqlash sohasiga ortiqcha yuklamalar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ko‘rsatdi.
Profilaktik choralar sifatida esa, birinchi navbatda, prognoz qilish, tarqalishning erta bosqichlarini aniqlash, epidemiyaga qarshi turish va uning oqibatlarini kamaytirish choralari kiradi.
Uchinchidan, pandemiya mehnat xavfsizligini ta’minlash muhimligini ko‘rsatdi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi kasallikka qarshi kurashning boshida turgan, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan tibbiyot xodimlariga tegishli.
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda O‘zbekiston bilan XMT o‘rtasidagi munosabatlar jadal va izchil rivojlanmoqda.
XMT bosh direktori Gay Rayderning 2018-yilda O‘zbekistonga tashrifi natijasida qabul qilingan «Yo‘l xaritasi» muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki yil oldin XMT jamoasi ko‘magida munosib ish o‘rnilarini yaratishga ko‘maklashuvchi O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi tashkil etildi. Tuzilma xalqaro mehnat standartlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati ta’minlab kelmoqda.
Shu yilning 12-iyun kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan XMT rahbari o‘rtasidagi videokonferentsiyada Gay Rayder 2018-yil dekabr oyida O‘zbekistonga tashrifini va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvni iliq xotira bilan yodga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashrif unga Prezident rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni yaxshiroq tushunishga yordam berdi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar yuqori baholandi: «Mamlakatingizni ulkan muvaffaqiyatlar bilan tabriklayman». U mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganini va ijtimoiy muammolarni hal etishga hamda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarda ishtirok etishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
«Xalqaro tashkilotlar va jahon hamjamiyati O‘zbekistonning turli sohalardagi ulkan yutuqlarini e’tirof etmoqda», dedi XMT bosh direktori Gay Rayder.
«O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan amaliy hamkorlik tufayli tashkilotning konventsiyalarini amalga oshirishda yutuqlarga va natijalarga erishganidan mamnunman. Mamlakatingizda mehnat munosabatlari sohasida olib borilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, O‘zbekiston mamlakat uchun muhim bo‘lgan boshqa konventsiyalarga qo‘shilishda davom etadi», dedi XMT rahbari.
Gay Rayderning ta’kidlashicha, tashkilot bundan buyon ham uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi: «O‘zbekistonda “tripartizmning implementatsiya qilinishi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovordir», dedi Gay Rayder.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi