O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Milliy assambleyasi spikerining o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2020-07-08 | Siyosat
Joriy yilning 7-iyul kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Seulga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikerining o‘rinbosari Kim Sang Xi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sheriklikni nazarda tutgan holda parlament diplomatiyasini izchil kengaytirish va O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi. Har ikki mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi o‘zaro hamkorlikning strategik ahamiyati ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan har ikki mamlakat parlamentlarida tashkil etilgan do‘stlik va hamkorlik uyushma va guruhlarining alohida muvofiqlashtiruvchi roli ham qayd etildi.
Birgalikda yangi tashabbus va loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati nomidan Koreya bilan savdo, investitsiya, moliya, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini yanada oshirishga katta qiziqish bildirildi. Shu nuqtai nazardan Koreya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Shuningdek, bu jarayon O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish dinamikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ham ta’kidlandi.
Ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan parlament nazoratini mustahkamlashni ta’minlovchi shuningdek, davlatning biznes va investorlar bilan munosabatlarini tartibga soluvchi ilg‘or qonunchilik mehanizmlaridan foydalanish maqsadida Koreya huquqshunoslik tajribasini yaqindan o‘rganishga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik shakllari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida har ikki mamlakat parlamentlari va hukumatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi