O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Eksimbanki raisi bilan muzokaralar o‘tkazildi
2020-07-08 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Koreya Eksimbanki raisi Bang Mun-kyu bilan uchrashdi.
Uchrashuv qo‘shma loyihalarni amalga oshirish sur’atlariga hamda O‘zbekistonda Eksimbankning loyihalar portfelini kengaytirish istiqbollarining muhokamasiga bag‘ishlandi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda Bank mablag‘lari hisobiga umumiy qiymati 2,1 mlrd dollarlik 17 ta qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Shu bilan birga loyihalar moliyalashtirishning jadal o‘sishi asosan 2017-2020-yillarda kuzatilmoqda.
Bank rahbariyati joriy epidemiologik vaziyati jahon iqtisodiyotiga ko‘rsatayotgan ta’siriga qaramasdan, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish sur’atlariga iqtisodiy omillarining salbiy ta’sirini minimallashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ma’lum qildi.
Asosli va konstruktiv muloqot davomida keng doiradagi masala va takliflar qamrab olindi. Tomonlar 2019-yilda Bank tomonidan ma’qullangan bir qator loyihalar uchun qarz shartnomalarini imzolashni tezlashtirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, “Toshkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri, kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, saraton klinikasi, tibbiy yo‘nalishidagi OTM va kimyoviy texnologiyalar markazini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha qurilish ishlarini boshlash uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash, maslahatchilar va pudratchilarni tanlash jarayonini tezlashtirishga kelishildi.
Shuningdek, Koreya tomoni O‘zbekiston bilan moliyaviy-texnik hamkorligini yanada kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Koreya Eksimbanki qoshidagi EDCF jamg‘armasi bilan birgalikda 2021-2023-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni ishlab chiqishni boshlashlariga va imtiyozli moliyalashtirish dasturini 500 milliondan 1 mlrd dollargacha oshirishga kelishib olindi.
Koreyaning Eksimbankini O‘zbekistondagi infratuzilma loyihalarini shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni moliyalashtirishga jalb etishning ijobiy istiqbollari bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishildi. Koreya tomoni taqdim etilgan loyihaviy takliflarni o‘rganib chiqadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma jamg‘arma tashkil etishni muhokama qilib, uning kontseptsiyasini yaqin kelajakda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Bank rahbariyati har ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokidagi loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha kredit liniyalari ajratish orqali O‘zbekiston tijorat banklari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqadi.
Uchrashuv natijasida hamkorlikni rivojlantirish doirasida muhokama etilgan yo‘nalishlar doirasida ustuvor vazifalar belgilab olindi va kelgusida birgalikda ish olib borish tartibi to‘g‘risida kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi