O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreya Bosh vazirining o‘rinbosari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi
2020-07-08 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 6-iyul kuni Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi joriy iqtisodiy hamkorlik tahlil qilindi va ikki tomonlama sheriklikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muloqot chog‘ida Koreya - O‘zbekiston munosabatlari alohida strategik ahamiyatga ega ekanligi qayta-qayta ta’kidlanib, eng yuqori darajada amalga oshirilgan o‘zaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi tomonlar uchun umumiy ustuvorlikka ega ekanligi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan Koreya hukumati va yirik korporatsiyalari tomonidan taqdim etilgan test tizimlari, tibbiy asbob-uskunalar va inventarlar, shuningdek, bir necha oy davomida o‘zbek shifokorlariga pandemiya tarqalishiga qarshi kurashishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonga yuborilgan yuqori malakali mutaxassislarning yordami uchun minnatdorchilik bildirildi.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va aholining eng zaif qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida texnik yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “COVID-19 ga tezkor javob choralar ko‘rish dasturi”ni amalga oshirish maqsadida grant yordamini ajratish to‘g‘risidagi qarori uchun Koreya hukumatiga alohida minnatdorchilik bildirildi.
O‘zbekistonning Koreya Prezidenti tomonidan yuritilayotgan “Yangi Shimoliy siyosat”ini qo‘llab-quvvatlashga va ushbu tashabbus doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish doirasida har tomonlama yordam ko‘rsatishga qat’iy niyati borligi bildirildi. Ushbu dastur Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirishga, shuningdek, Koreya va mintaqa davlatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va AKT kabi sohalarda investitsiya hamkorligini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni faollashtirishga qaratilgan.
Koreya iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston-Koreya moliyaviy-texnik hamkorligining yangi 3 yillik dasturini ishlab chiqib, byudjetini 1 mlrd dollargacha oshirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumot uchun: hozirgi vaqtda 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi yakunlanmoqda, uning doirasida sog‘liqni saqlash, geodeziya va kartografiya, AKT va ta’lim sohalarida 500 mln dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Koreya tomoni tegishli tartib va jarayonlarni jadallashtirish hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator yangi loyihalarni ilgari surish orqali Koreya Eksimbanki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi (EDCF) bilan birgalikda yangi loyihalar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Ustuvor tarmoqlardagi istiqbolli loyihalarga, jumladan, Koreya qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligi ko‘magida kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish loyihasi, ilg‘or qurilish texnologiyalari va standartlarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya tadqiqot markazini tashkil etish, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi raqamli innovatsiyalar uchun Koreya-O‘zbekiston hamkorligining pilot modelini joriy etish, kadrlar tayyorlash, o‘qitish, rivojlantirish va innovatsion davlat maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks markazini qurish kabi qator loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Koreya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida ikki tomonlama hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgani, xususan, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhi raisi - Koreyaning Jenevadagi Favqulodda va Muxtor elchisining amaliy yordami hamda Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bilan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish oqibatlarini baholash bo‘yicha yaqin hamkorligi e’tirof etildi. O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lishi va uning ko‘p tomonlama global savdo tizimiga integratsiyalashuvi o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Koreya hukumatining Orol ekologik falokatining salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ham bildirildi, shu bois Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash doirasida moliyalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli shartnomalar portfelini kengaytirish maqsadida hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishib oldilar. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, har ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining 3-uchrashuvini shu yilning sentabr oyida o‘tkazish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi