Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik uchun konsensusni mustahkamlash” mavzusidagi videokonferensiya toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik uchun konsensusni mustahkamlash” mavzusidagi onlayn videokonferensiyada ishtirok etdi.
Afgʻoniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazriligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakat prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani, shuningdek, Afgʻoniston boʻyicha “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” va “Qobul jarayoni” formatlariga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani mezbon davlat TIV rahbari Hanif Atmar olib bordi.
Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani inklyuziv afgʻonlararo muzokaralarni boshlash toʻgʻrisida kelishuvga erishilishi dolzarbligi, bu mamlakatda zoʻravonlik kamayishiga olib kelishini qayd etdi. Afgʻonistonning “Osiyoda totuvlik markaziga” aylanishi va mintaqaviy mushtaraklikni mustahkamlashda muhim rol oʻynashi zarurligi alohida taʼkidlandi.
Afgʻoniston rahbari chegara uzluksiz ishlayotganini qayd etarkan, koronavirus pandemiyasi sharoitida gumanitar yordam koʻrsatayotgan qator mamlakatlarga, jumladan Oʻzbekistonga minnatdorlik izhor etdi.
Muloqot chogʻida Afgʻonistondagi mojaroni hal qilish hamda afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini tezroq boshlash boʻyicha xalqaro intilishlar ham muhokama qilindi.
Mojarodan keyingi Afgʻonistonda barqaror tizim oʻrnatish, mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash hamda mazkur davlatdagi siyosiy jarayon rivojlanishida afgʻon xalqining rahbarlik roli tamoyiliga amal qilish masalalari boʻyicha xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish katta ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Video anjumanda Afgʻonistonga har tomonlama koʻmaklashishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida batafsil fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi