O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston - Koreya: savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi
2020-07-07 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 6-iyul kuni Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Song Yun Mo bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari va ularni yanada rivojlantirish mexanizmlari muhokama qilindi.
O‘zaro savdo rivojlanishida kuzatilgan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etildi - 2019-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 27 foizga oshdi va 2,7 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan 5 yil davomida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Uchrashuv ishtirokchilarining umumiy fikriga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmini 2023 yilga borib 5 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
Shu nuqtai nazardan, erkin savdo bitimi loyihasini idoralararo kelishish bosqichiga o‘tishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hujjat loyihasi bo‘yicha dastlabki o‘rganishlar joriy yilning iyun oyi oxirida yakunlangan.
Shuningdek, Koreyaning jalb qilinadigan grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan O‘zbekiston milliy onlayn-elektron savdo platformasini yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish tartibi va shakli yuzasidan kelishib olindi.
Yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarining Koreya bozoriga osonroq kirishi masalalari muhokama qilindi va bu borada har ikki mamlakat karantin xizmatlari hamkorligini kuchaytirishga kelishildi. Bu hamkorlik shuningdek, O‘zbekiston eksport qilayotgan mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirish va Yevropa Ittifoqi hamda ichki bozorni himoya qilish darajasi yuqori bo‘lgan boshqa mamlakatlar bozorlariga kirish imkonini beradi. Bu yo‘nalishda Koreya tomoni O‘zbekistonda o‘simliklar karantini sohasida zamonaviy laboratoriya tashkil etilishiga va kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashadi.
Investitsiya hamkorligini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollariga, jumladan, yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 79 ustuvor investitsiya loyihalarining umumiy qiymati hozirgi kunda 17,3 mlrd dollarni tashkil etadi. Loyihalarni amalga oshirishda kechikishlar yuzaga kelishi xavfini kamaytirish hamda tashabbuskorlariga ikki mamlakat hukumatlari tomonidan maqsadli yordam berish uchun ikki tomonlama hamkorlikning muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, mashinasozlik, elektrotexnika, tog‘-kon, neft-kimyo, kimyo, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va Koreya tadbirkorlari haqli ravishda dunyoda yetakchi o‘rinni egallab turgan boshqa sohalarda qo‘shimcha loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investitsiya hamkorligini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Elektromobillarni ishlab chiqarish, startaplarni ishga tushirish, maxsus va venchur jamg‘armalarini tashkil etish, texnologik parklari va innovatsiya markazlarini boshqarishda Koreya tajribasini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekistondagi to‘qimachilik texnologiyalari parklarining ishlab chiqarish bazasida tibbiy himoya kostyumlar va niqoblar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati o‘rganiladi.
Uchrashuv davomida Koreya tomoni O‘zbekistonning sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida mamlakatimizda istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoniga Koreyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etish orqali hamkorlikni tizimli asosda rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston - Koreya hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi 10-chi yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida Seulda har ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini taklif etgan holda biznes-forumni tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Uchrashuv natijasida tomonlar har ikki mamlakat tegishli vazirliklarining tizimli hamkorlikda ish olib borishiga kelishdi. Va shuning hisobiga muhokama etilgan sheriklik yo‘nalishlari ustida birgalikda ishlash bo‘yicha keyingi rejalar belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi