O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy ta’lim muassasalarida qabul jarayonining borishi tanqidiy tahlil qilindi
2020-07-06 | Ta’lim
4-iyul kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov rahbarligida OTMlarda qabul jarayonlarining borishi masalalariga bag‘ishlab videokonferentsiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi.
Unda oliy ta’lim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlari, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar, o‘quv-uslubiy boshqarma boshliqlari, qabul bo‘yicha mas’ul kotiblar, magistraturaga qabul bo‘yicha mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Dastlab oxirgi paytda OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik e’tiboriga yetkazilgan oliy ta’lim muassasalari (NamDU, SamDAQI, BuxMTI, Nukus DPI, SamDU, TDO‘TAU, O‘zDJTSU) xodimlari tomonidan sodir etilgan korruptsiyaviy holatlar tanqidiy muhokama qilindi. Bu masalada rektorlar, ta’lim muassasasidagi ma’naviy-axloqiy muhit uchun mas’ul bo‘lgan prorektorlar faoliyatiga salbiy baho berildi.
Xodimni ishga qabul qilishda uning avvalgi faoliyati, shaxsiy individual-psixologik xususiyatlari yetarli darajada o‘rganilmaganligi shunday holatlarni keltirib chiqarayotgan asosiy omillardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Bunday xodimning ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanmasdan, yillar davomida assistent, katta o‘qituvchi lavozimida ishlashining o‘zi kishini o‘ylantirish kerak: uning maqsadi nima, ilmiy-pedagogik faoliyatga layoqati bormi degan savollarga har bir rahbar javob izlashi zarur.
Mazkur masalada profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, har bir oliy ta’lim muassasasida onlayn muloqotlar orqali professor-o‘qituvchilar, xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish hamda rasmiy veb-saytda, OAVdagi chiqishlar, rasmiy murojaatlar vositasida ota-onalarni ham bunday holatlarning oldini olishga jalb etish choralari belgilandi.
Shuningdek, yana bir aholi tomonidan noroziliklar keltirib chiqarayotgan muammoli masala - call-markazlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Afsuski 4-iyul kuni soat 900 dan 1200 gacha bo‘lgan vaqtda vazirlik xodimlari tomonidan oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan Call-markazlariga o‘rganish uchun qo‘ng‘iroq qilinganda TDShU, ToshDO‘TAU, O‘zXIA, O‘zXA, MRDI, TKTI Yangiyer filiali, TDIU, AnDU, TATU Samarqand filiali, SamVMI Toshkent filiali, BuxTIda qo‘ng‘iroqlarga javob berilmagan bo‘lsa, Qoraqalpoq tibbiyot instituti xodimlari «Qorovulxonaga tushdingiz» deb javob berganligini qanday baholash kerak?
Call-markazga tajribali va mas’uliyatli xodimlar biriktirish belgilangan. Ammo berilgan savollarga ba’zi oliy ta’lim muassasalaridan to‘liq javob olinmadi va ayrim oliy ta’lim muassasalarida berilgan oddiy savollarga ham javob berish o‘rniga sansalorlikka yo‘l qo‘yilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yoki Davlat test markaziga qo‘ng‘iroq qilishni maslahat berish bilan cheklanmoqda.
Bunday holatlarTDPU, O‘zMU, TMI, SamDTI, TAQI, NukDPI, ToshDSI,SamDU, SamDChTI, SamISI, O‘zJOKU, ToshDTU Olmaliq filiali, NavDKI Nukus filialarida kuzatildi.
Zarurat bo‘lsa, faoliyati talab darajasida tashkil qilinmayotgan sall-markazlarga o‘quv ishlari prorektorlarini, mas’ul kotiblarni doimiy biriktirib qo‘yish topshirildi.
Tegishli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari oxirgi marta ogohlantirilib, jamoatchilik e’tirozlarini keltirib chiqaryotgan omillar sabablarini aniqlash va yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Sall-markazlar faoliyatini bunday «sirli qo‘ng‘iroq» usulida o‘rganish va baho berish ishlari uzluksiz amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi