O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ўзгаришлар ўзгартиришларни тақозо этмоқда
2020-07-03 | Iqtisodiyot
Davlat soliq qo‘mitasi “Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qaror loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Markaziy bank Boshqaruvi qarori sifatida tayyorlandi.
Bugungi kunda, qonunchilik normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi xo‘jalik sub'yektlari tomonidan amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalari turlari va shakllari o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa tashqi savdo operatsiyalari monitoringi borasidagi talablarni ham o‘zgartirishni taqozo etmoqda.
Xususan, 2013-yil 12-iyunda Adliya vazirligida 2467-son bilan ro‘yxatga olingan amaldagi Nizomda ofshor hududlarga amalga oshirilgan to‘lovlar yuzasidan banklar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga ma’lumot taqdim etilishi belgilangan. Ammo mazkur hududlardan qabul qilinayotgan valyuta mablag‘lari yuzasidan ma’lumot taqdim etish ko‘zda tutilmagan.
Mijozlarning tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishning yagona shakli belgilanmagan. Bu esa banklar tomonidan ma’lumotlar har-xil shaklda taqdim etilishiga, natijada ularni umumlashtirgan holda nazorat qilishda noaniqlik va qiyinchiliklar yuzaga kelyapti.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Nizomga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
- tijorat banklari tomonidan soliq organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar turlari kengaytirilib, hisobot shakllari takomillashtirilmoqda;
- bojxona organlari tomonidan soliq organlariga ma’lumotlar xorijiy davlatlar bojxona xizmatlarining zarur ma’lumotlari asosida taqdim etilishi belgilanmoqda;
- valyuta operatsiyalari monitoringi jarayonida alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar hamda monitoring natijasida amalga oshiriladigan tadbirlar kiritilmoqda.
Mazkur loyihaning qabul qilinishi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalari monitoringini tartibga soladi.
Mazkur loyiha muhokamasi 2020-yil 16-iyulgacha davom etadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi