O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 7-uy moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'yekti yuzasidan ma’lumot
2020-07-03 | Madaniyat
Joriy yilning mart-may oylarida Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 7-uy binosini moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'yekti sifatida ro‘yxatga olish va binodan foydalanish bo‘yicha qonunbuzarliklar sodir etilayotganligi yuzasidan ushbu hududda istiqomat qiluvchi bir qancha fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan murojaatlarning keskin ko‘payganligi hamda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamaga sabab bo‘lganligi kuzatildi.
Mazkur masalani atroflicha o‘rganish va qonuniy hal etish maqsadida “JEMCHUG HOUSE” MChJ direktori T.Turakulovning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan bir-birini inkor etuvchi qarorlar qabul qilinganligidan norozi bo‘lib, yozgan arizasi bo‘yicha Bosh prokuraturadan kelib tushgan yo‘naltiruv xatiga asosan Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘i bilan maxsus ishchi guruh tasdiqlanib, xizmat tekshiruvi tashkil etildi.
Xizmat tekshiruvi xulosalariga ko‘ra, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyati davomida Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasi 7-uy binosini moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'yekti ro‘yxatiga kiritish va kiritmaslik bo‘yicha bir-biriga nomutanosib, normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga rioya qilmagan holda qarorlar qabul qilinganligi aniqlandi.
O‘z navbatida, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini tartibga solish va uni belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar asosida nazoratga olish maqsadida joriy yilning 30-iyun kuni Madaniyat vazirligi rahbariyati tomonidan Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari bilan tor doirada yig‘ilish o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan maxsus ishchi guruh xulosasini inobatga olgan holda, Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasi, 7-uy binosi bo‘yicha qabul qilingan barcha qarorlar bekor qilinib, qayta tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi