O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida brifing o‘tkazildi
2020-07-03 | Ta’lim
AOKA huzuridagi shtabda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda F.Babashev oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlarida yuzaga kelayotgan quyidagi qator savollarga javob berdi.
1. Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar ham
111.500 so‘m miqdorida pul to‘laydimi?
Respublika oliy ta’lim muassasalarida ijodiy imtihonga kiradigan abituriyentlar 111.500 so‘m miqdoridagi pulni to‘lamaydilar. Bu faqat test topshiradigan abituriyentlar uchun.
2. Sirtqi ta’lim shaklida ham 5 ta yo‘nalishni tanlash mumkinmi?
Abituriyentning 5 ta yo‘nalishni tanlash imkoniyati sirtqi ta’lim shaklida ham amal qilinadi. Fanlar majmuasi bir xil bo‘lsa, Siz bu imkoniyatdan foydalana olasiz. Faqat sirtqi ta’lim shaklida o‘qish muddati 5 yilni tashkil etadi.
3. Men hozirda tahsil olayotgan universitetimdan 2-kursni boshqa bir oliy ta’lim muassasasiga o‘tkazmoqchiman. Kimga murojaat qilishim va qanday hujjatalarni taqdim etishim kerak?
Nizomga muvofiq fuqarolar o‘qishini ko‘chirish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan Hududiy ishchi guruhiga 2020-yil 15-iyuldan 5-avgustga qadar bo‘lgan muddatda murojaat qilishlari mumkin.
Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash jarayonini tashkil etishda onlayn rejimda hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.
O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqarolardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1) Ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ta’lim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
2) Talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;
3) Pasport nusxasi.
4. Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar uchun imtihonlar o‘zlari yashab turgan hududda o‘tkaziladimi yoki hujjat topshirgan oliy talim muassasasidami?
Ijodiy imtihonlarni o‘tkazish vaqti (soati) va joyi oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tegishli vazirlik bilan kelishilgan holda belgilanadi. Oliy ta’lim muassasasi rasmiy saytini kuzatib borish lozim bo‘ladi.
Test sinovlari bilan bir qatorda o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni 2020-yilning 25-iyuligacha yakunlash, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari kirish imtihonlarini 2020-yil 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish belgilangan.
5. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ota-onalarini o‘qishga qabul qilishda imtiyozlar bomi?
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 2-iyundagi 417-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining umumiy qabul parametrlariga nisbatan ikki foizli qo‘shimcha (alohida) davlat granti kvotalari ajratiladi.
Qarorda nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ota-onalari uchun imtiyoz nazarda tutilmagan.
6. Kimlar chin yetimlar toifasiga kiradi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393- sonli qarori bilan tasdiklangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq to‘liq davlat ta’minotidagi chin yetim bolalar toifasiga otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb e’lon qilingan, 18 yoshga to‘lmagan, «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari kirishi belgilangan.
7. Magistraturaga hujjatlarni qabul qilish onlayn amalga oshirilishi belgilangan edi? Bu jarayon to‘g‘risida tushuncha bersangiz.
Joriy yil 1-iyuldan butun respublikadagi davlat OTMlarida magistratura uchun hujjatlar qabul qilish boshlandi. Qabul
30 iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi. 1 iyul kunining o‘zida
400 dan ortiq hujjat ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjat topshirish magistr.edu.uz sayti orqali onlayn amalga oshiriladi. Tizim 24 soat davomida uzluksiz ishlamoqda.
OTMlarda hujjat qabul qilinmaydi!
Hujjat topshirish uchun kerak bo‘ladigan ma’lumotlar:
1) Pasport ma’lumotlari to‘ldiriladi. Bunda abituriyent JShShIR (Jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqami)ni hamda pasport seriyasi va raqamini kiritishi kifoya.
2) Doimiy yashash manzili (ya’ni propiska bo‘yicha) kiritiladi;
3) Bakalavrda tugatgan ta’lim muassasasi ma’lumotlari kiritiladi;
4) Diplomning rasmi hamda baholar qayd etilgan ilovaning skaner varianti yuklanadi;
5) Agar abituriyent imtiyozlarga ega bo‘lsa, ya’ni chet tilini bilish sertifikati, olimpiadalar g‘olibligi, Prezident yoki nomli stipendiya sohibi ekanligi va h.k.larni tasdiqlovchi hujjatlar kiritiladi;
6) Hujjat topshirmoqchi bo‘lgan mutaxassisligini tanlaydi.
Platformaning ishlash xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik telegram kanalida berib borilmoqda. Mutaxassisliklar kesimida abituriyentlardan tushgan arizalar to‘g‘risida statistik ma’lumotlarni ko‘rish imkoniyati ham bor.
Abituriyentdan shundan boshqa qo‘shimcha hujjatlar, masalan Pasportning skaner yoki rasm varianti, fotosurat, maqolalarining nusxasi, tibbiy ma’lumotnoma talab etilmaydi!
Noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan yoki qalbaki hujjat qabul qilinmaydi.
Bugun vazirlik telegram kanalida magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ham e’lon qilindi.
8. Oliy ta’limda o‘quv jarayonini optimallashtirish bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?
Oliy ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) o‘quv rejalaridagi fanlar hajmini optimallashtirish evaziga fanlar soni qisqartirildi. Shu bilan birga nomutaxassislik fanlar
2 barobarga qisqartirildi.
Kasbiy kompententsiyalarini kuchaytirish maqsadida o‘quv rejadagi amaliyot dars soatlari oshirildi. Ilgari amaliyot dars soatlari 30-40 %ni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda 50-60% tashkil qilmoqda.
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab o‘quv jarayoni reyting tizimidan kredit-modul tizimiga o‘tkazilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi