O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Koronavirus va mehnat bozori: O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha tajriba almashdi

2020-07-03 | Jamiyat

1-iyul kuni Xalqaro Mehnat Tashkiloti Global Sammiti doirasida mehnat bozorlari uchun koronavirus pandemiyasi oqibatlari bilan kurashish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo Mintaqaviy sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Onlayn-uchrashuvda Shveytsariya, Shvetsiya, Portugaliya, Belgiya, Xorvatiya, Ispaniya, Rossiya, Gruziya kabi davlatlarning mehnat vazirlari, ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari rahbarlari qatnashdilar. Sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ishtirok etib, ishtirokchilarni mamlakat mehnat bozori uchun pandemiya oqibatlarini bartaraf etishning mahalliy tajribalari bilan tanishtirdi.

Uchrashuvni ochib berar ekan, Xalqaro Mehnat Tashkiloti Bosh direktori Gay Rayder: «Bundan bir yil oldin Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘zining 100 yillik yubileyini nishonladi. Tashkilotning asosiy maqsadi - inson va uning munosib mehnatga bo‘lgan huquqidir», - deya ta’kidladi. «Inson manfaatlariga asoslangan bunday yondashuv kelgusida bizning yo‘l ko‘rsatuvchi mayog‘imiz bo‘lib qolishi kerak», - deb qo‘shimcha qildi u uchrashuv ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida.

Xalqaro Mehnat Byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Xaynts Koller Hukumatlar, ish beruvchi tashkilotlar va ishchilar o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaraning muhimligini ta’kidlab, COVID-19 pandemiyasi va uning mehnat bozoridagi oqibatlariga qarshi kurashga umumiy yechim topish maqsadida Sammit Xalqaro Mehnat Tashkilotining «Lissabondan Toshkentgacha, Vilnyusdan Maltagacha» uch tomonlama sheriklarini birlashtirganini aytib o‘tdi.

Xalqaro Mehnat Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020-yilning birinchi choragida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida ish vaqtining 3 foizi (to‘liq ish vaqti sharoitida 12 million ish o‘rniga teng) yo‘qotilgan va ikkinchi chorak oxirida 12,9 foiz ish vaqti (to‘liq ish vaqti sharoitida 50 million ish o‘rniga teng) yo‘qotildi. Shu munosabat bilan xalqaro hamjamiyat pandemiyaning odamlar uchun, shuningdek, iqtisodiyot va jamiyat uchun halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashmoqda. «Hamma kutilmagan va misli ko‘rilmagan vaziyatga tushib qoldi. Bu millionlab odamlarning hayoti va taqdiriga javobgar bo‘lgan hukumatlar, ijtimoiy sheriklar va xalqaro tashkilotlar uchun murakkab va o‘ziga xos chaqiriqdir», - dedi X.Koller COVID-19 pandemiyasining mehnat sohasiga ko‘rsatgan ta’sirini izohlar ekan.

Munozaralari chog‘ida mintaqa davlatlarining vakillari pandemiya davrida har bir mamlakatning mehnat bozorini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston tajribasini taqdim etar ekan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov sammit ishtirokchilariga Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida hukumat tomonidan aholi bandligini rag‘batlantirish, ishchilarning ish o‘rinlari va daromadlarini saqlab qolish, ish joylarida xavfsizlik va mehnat gigiyenasini ta’minlash, kamsitish va ijtimoiy izolyatsiyalashni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan keng ko‘lamli inqirozga qarshi choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti ko‘magida vazirlik COVID-19 ning mehnat bozoriga ta’sirini o‘rganish ustida ish olib bormoqda va o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, inqiroz iqtisodiyotning bir qator muhim sohalarida (xizmat ko‘rsatish, qurilish va boshqalar) ishchilarni, ayniqsa, kichik biznesda band bo‘lgan yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlashga juda kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin.

O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar Xalqaro Mehnat Tashkilotining pandemiyaga qarshi kurashining to‘rtta asosiy tamoyillariga to‘la mos keladi, ya’ni u iqtisodiyot va bandlikni rag‘batlantirishga, korxonalarni, ish o‘rinlari va daromadlarni qo‘llab-quvvatlashga, ishchilarni ish joylarida himoya qilishga va ijtimoiy muloqotga qaratilgan. Prezident tashabbusi bilan 10 trillion so‘m miqdorida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi va «Mehr-sahovat va ko‘mak» kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etildi.

Bundan tashqari, hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy holati va hayot darajasi yomonlashgan oila a’zolarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi. Vaqtincha bandlik bo‘yicha jamoat ishlari fondi mablag‘lari hisobidan 230 mingga yaqin ishsiz fuqaro, shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish uchun subsidiyalar berish mexanizmi orqali 33 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilalar va aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilgan subsidiyalar hisobiga 3 ming band bo‘lmagan fuqarolar ish bilan ta’minlandi.

20 ming ishsizga ishsizlik bo‘yicha nafaqa berildi. Shunday qilib, uch oy davomida 374 ming fuqaro band bo‘lib va doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.

O‘z nutqida Nozim Xusanov ish joylarida ishchilarni himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Birinchi navbatda, Davlat mehnat inspektsiyasi epidemiologiya xizmati bilan birgalikda korxonalarda sanitariya me’yorlari va mehnat xavfsizligini ta’minlash tizimini monitoringini yo‘lga qo‘ydi.

Bugungi kunga qadar mehnat inspektorlarining monitoring guruhlari 5757 korxonada bo‘lib, ularning 892 tasida xavfsizlik va mehnat gigiyenasi me’yorlarining buzilishini aniqladilar. Har bir alohida holat bo‘yicha Inspektorlar tomonidan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Koronavirus pandemiyasi, shuningdek, amaldagi «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatdi. Normativ me’yorlar hozirgi sharoit va xalqaro standartlar talablariga muvofiq ishchilarni himoya qilish va munosib mehnat sharoitlarini tashkil qilishni maksimal darajada ta’minlashi kerak. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi yangi qonunni ishlab chiqishda XMT bilan hamkorlik qilishga umid bildirdi.

Pandemiya paytida noqonuniy ishdan bo‘shatish masalalari kun tartibida paydo bo‘ldi, ish haqini, homiladorlik hamda tug‘uruq nafaqasini to‘lashdan bosh tortish hollari ko‘paydi. COVID-2019 pandemiyasi davrida Davlat mehnat inspektsiyasi fuqarolarning mehnat qonunlari buzilishi va ish joyida huquqni cheklashga oid 8,2 mingta, shu jumladan, ayollar tomonidan yuborilgan 3 mingta shikoyatni ko‘rib chiqdi. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 3,6 ming fuqaroning, shu jumladan 1,2 ming ayolning mehnat huquqlari tiklandi.

Ko‘pgina korxona va tashkilotlar karantin-cheklov choralari sharoitida o‘z faoliyatlarini masofaviy ishlash rejimiga moslashtirdilar. Bunday ish rejimiga o‘tish va barcha me’yorlarga rioya qilishni ta’minlash maqsadida Mehnat vazirligi «Xodimlarni masofaviy ish usuliga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizom»ni ishlab chiqdi va joriy etdi.

O‘zbekistonda qonun ustuvorligini, gender tengligini, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalarida mehnatkashlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida xalqaro mehnat standartlarini mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

2019-yilda O‘zbekiston XMTning 29-sonli Mehnat Konventsiyasiga Protokolni ratifikatsiya qilgan Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat bo‘ldi. Xalqaro Mehnat Tashkilotining «Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida», 129-sonli «Qishloq xo‘jaligidagi mehnat nazorati to‘g‘risida» va 81-sonli «Sanoat va savdo sohasidagi mehnat nazorati to‘g‘risida»gi uchta konventsiyasi ratifikatsiya qilindi, bu esa ushbu sohalarda bandlik va ishchi kuchi monitoringini kuchaytirishga imkon berdi.

Ayni paytda XMTning yana uchta konventsiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda: 17-sonli «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda ishchilarga kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida», 183-sonli «Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi 1952-yildagi konventsiyani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida», 187-sonli «Mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash asoslari to‘g‘risida».

Muhokamalarini yakunlar ekan, X.Koller 2008-2009 yillardagi moliyaviy inqirozdan farqli o‘laroq, bugungi kunda hukumatlar barchaga munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash uchun tegishli sarmoyalarni ajratishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

«Ushbu murakkab davrda XMTning yuz yillik deklaratsiyasi va 2030 Kun tartibi biz uchun eng muhim maqsad bo‘lib qolmoqda. Bu, birinchi navbatda, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va mehnat sohasida ishchilarni himoya qilishdir», - deya xulosa qildi Mintaqaviy direktor.

Kelgusi hafta Xalqaro Mehnat Tashkilotining Global Sammitidagi munozaralar oliy darajadagi davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro institutlar va tashkilotlar vakillari darajasida davom ettiriladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Поделиться