O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Madaniyat vaziri yurtboshimizning yoshlarning musiqa ijrochiligiga qaratilgan tashabbusiga munosabat bildirdi

2020-07-02 | Yoshlar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 26-27-iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida ushbu hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xalq farovonligini taʼminlashga qaratilgan qator loyihalar bilan tanishdi. Mamlakatimizni yana-da rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Davlatimiz rahbari faollar yigʻilishida milliy madaniyatni rivojlantirish va shu asnoda iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini taʼminlash boʻyicha nihoyatda hayotiy va dolzarb tashabbusni ilgari surdi. Unga koʻra, endilikda har bir umumtaʼlim maktabi oʻquvchisining shahodatnomasiga adabiyot, ona tili, fizika, matematika va boshqa koʻplab fanlar qatorida biron musiqiy cholgʻuni chalishni oʻrganganligi toʻgʻrisidagi baho ham qoʻyiladi.
 
Xoʻsh, ushbu taklif qaysi jihatlari bilan qalbimizni nurafshon etdi? Uning zamirida qanday ezgu maqsad-muddaolar mujassam?
 
Bu haqda gap ketganda, avvalo, ushbu tashabbus yurtimizda milliy madaniyat va sanʼatni yana-da rivojlantirishga qaratilgan hayotbaxsh islohotlarning uzviy davomi ekanini taʼkidlash joiz.
 
Darhaqiqat, keyingi uch-toʻrt yil davomida Prezidentimizning soha taraqqiyotiga qaratilgani qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan boʻldi. Besh muhim tashabbus asosida bolalar musiqa va sanʼat maktablari zamon andozalari asosida taʼmirlanmoqda, musiqa asbob-uskunalari bilan taʼminlanyapti. Ularda turli toʻgaraklar ochilyapti. Bularning barchasi asrlar osha ajdodlardan-avlodlarga oʻtib kelayotgan noyob sanʼat namunalarini yana-da chuqurroq oʻrganish, keng targʻib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida ularga nisbatan hurmat va sadoqatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
 
Yurtboshimizning yoshlarning musiqa ijrochiligiga doir bilim hamda salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi tashabbusi zamirida ham, shubhasiz, chuqur oʻylangan maqsad va mazmun yotibdi. Bu borada fikr yuritganda xayolimizda xalqimiz azaldan eʼzozlab keladigan qadriyatlar, orzu-umidlar jonlanadi. Ushbu yorugʻ niyatlarning eng qadrlisi, albatta, barkamol avlod tarbiyasi bilan bogʻliq. Insonning jismonan baquvvat, aqlan yetuk va maʼnan komillikka yetishuvi barkamollikdan nishona. Toʻgʻri, har jihatdan tugallikka hech bir odam farzandi hali yetganmas. Lekin koʻngilda umid va ishonch uygʻotadigani shuki, inson mudom ana shu saodat sari intilishda, izlanishda, harakatda.
 
Prezidentimizning oʻgʻil-qizlarimizga biror cholgʻu asbobini chalishni oʻrgatish, umuman, musiqaga oshno etish borasidagi taklifi ularni maʼnan ulgʻaytirishga, qalblariga ezgulik urugʻlari ekishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
 
Tarixdan maʼlumki, umumjahon tamaddunining tamal toshini qoʻygan ajdodlarimiz xoh adabiyot, xoh astronomiya, tibbiyot, matematika, geometriya, tarix, meʼmorchilik, naqqoshlik, qoʻyingki, qaysi soha bilan shugʻullanmasin, albatta, biror sozni chalishni oʻrgangan, kuyni ruhning ozigʻi deb bilgan. Musiqa ilmi haqida fundamental ilmiy-nazariy risolalar yozishgan.
 
Jumladan, buyuk faylasuf olim Abu Nasr Farobiy “Kitobu-l-musiqiy al kabir” (“Musiqaga oid katta kitob”) asarini yozib, musiqa nazariyasining asoslarini yaratishga ulkan hissa qoʻshdi. U nafaqat nazariyotchi, balki xalq cholgʻularining mahoratli ijrochisi ham boʻlgan. Manbalarda qayd etilishicha, Farobiy nay va tanburni yuksak darajada chalish bilan birga, qonun cholgʻusini ixtiro qilgan, oʻsha davrlarda mashhur boʻlgan ud sozini takomillashtirishda izlanishlar olib borgan.
 
Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning “Kitob ush-shifo” (“Shifo kitobi” ), “Donishnoma” (“Bilimlar kitobi”), “Kitob un-najot” (“Najot kitobi”) asarlaridagi musiqaga doir maxsus boʻlimlar, “Risolatun fi-ilmil-musiqiy” (“Musiqiy ilmi haqida risola”) risolasi jahon sanʼati fani tarixida alohida oʻrin tutadi.
 
Bunday qomusiy olimlar roʻyxatini uzoq davom ettirish mumkin. Qolaversa, Hasan Noyi, Qulmuhammad Udiy, Hasan Bolaboniy, Ali Xonadoniy Muhammadiy, Ahmad Gʻijjakiy, Ali Koʻchak Tanburiy kabi sozandalar oʻz zamonasida shu qadar mashhur boʻlganki, ularning ismlari oʻzi yuksak mahorat bilan chaladigan musiqa asbobi nomi bilan birgalikda aytilgan.
 
Aslida, Oʻzbekiston hududidagi Xorazm, Afrosiyob, Xolchayon, Termiz, Varaxsha, Balaliktepa, Dalivarzintepa va boshqa qator tarixiy manzilgohlarda olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida topilgan juda koʻp musiqa cholgʻularining qoldiqlari, devorlarga, qoyalarga, sopol buyumlarga tushirilgan xonanda va sozandalar suratlari ajdodlarimiz azaldan sanʼatga oshufta ekanini koʻrsatadi.
 
Chunonchi, ajdodlarimiz musiqani qalb “matematikasi”, deb bilgan. Aql ruhdan quvvat olishini, ruh esa vujudga, rivoyatda keltirilganidek, mumtoz kuy vositada joylanganini, shu bois u insonga kuch-madad berib turishini teran anglagan. Pirovardida aql va ruhni uygʻun rivojlantirishga harakat qilingan.
 
Insonning borliq, hayot, oʻz umri haqidagi oʻylari, botiniy kechinmalari, tasavvur va tafakkurida yuz berayotgan evrilishlarni nafis ohanglarda ifodalaydigan musiqa ellarni, dillarni ezgulik yoʻlida birlashtirishga qodir. Mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy oʻzining “Zafarnoma” asarida Amir Temur davrida oʻtkazilgan musiqiy anjumanlar haqida “yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, gʻazalu naqsh aytur erdilar. Va turku moʻgʻul, xitoyu arab va ajamdan har kim oʻz rasmi bilan nagʻma aytur erdi”, deb yozadi.
 
Ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” kitobida xush ohangning inson ruhiyatiga taʼsir kuchiga shunday baho beradi: “Goʻdakning organizmi chiniqishi uchun ikki narsa zarur: biri uni asta qimirlatib tebratish, ikkinchisi esa onaning qoʻshigʻidir. Birinchisi, bolaning tanasiga, ikkinchisi, ruhiga tegishlidir”.
 
Taniqli muhaddis, shayx Abu Bakr Buxoriy — Kalobodiy musiqani taʼriflab, uni “jon quvvati va ruh ozigʻi turur. Agar jon nagʻmadan quvvat topsa, oʻz maqomi sari ishrof aylaydi”, deb yozadi. Demak, musiqa insonga bebaho maʼnaviy ozuqadir. Navo bilan oziqlangan jon doimo tetik, bardam, baquvvat boʻladi.
 
Afsuski, XX asrda mustamlaka balosiga giriftor boʻlgan xalqimiz azaliy anʼanalardan, tarixiy ildizlardan, milliy qadriyatlardan majburan uzoqlashtirildi. Xususan, musiqa bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmadi.
 
Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat oʻzining “Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi” nomli risolasi muqaddimasida “Oʻzbeklarni oʻrganish qoʻmitasi soʻnggi yillarda oʻzbek tiliga, adabiyotiga va tarixiga oid anchagina maʼlumot toʻplab, yaxshigʻina natijalar chiqarishgʻa muvaffaq boʻlsada, oʻzbek musiqamizgʻa tegishli jiddiy tatabbuʼotda boʻlina olmadi”, deydi. Buning asosiy sababi esa “bu sohada ishlay olaturgʻan, yaʼni asliy maʼnoda musiqa nazariyasini bilaturgʻan va Sharq musiqasining xususiyatlariga voqif musiqashunoslarning yoʻqligʻi” ekanligini afsus ila taʼkidlaydi.
 
Buyuk shoir Choʻlpon esa oddiygina kuy millatning dardlariga malhamgina emas, uni uygʻotishi, yuksak maqsadlarga ruhlantirishi mumkinligini oʻz sheʼrlari orqali ifoda etadi. Bir sheʼrida “Otalarning tarixdagi xatosini” koʻrgan, guvoh boʻlgan “Yorugʻ yulduz”ga murojaat etib, ularning sabab-oqibatlari har birimizga anglatish uchun:
 
Mayli, mayli, qandoq achchiq boʻlsa ham,
 
Toʻgʻri soʻzni yashirmasdan soʻzlay ber,
 
Har qanchalar yurak yorgʻich kuy boʻlsa,
 
Botir boʻlib sekingina kuylay ber,
 
deb iltijo qiladi.
 
Haqiqatan ham, istibdod davrida elimiz musiqaning noyob kuchidan, sehridan imkon qadar uzoq tutildi. Natijada musiqiy taʼlimga eʼtibor susaydi, bu borada kadrlar tayyorlash tizimining moddiy-texnika bazasi gʻariblashib, nochor ahvolga tushib qoldi, soha pedagog va mutaxassislari mehnati yetarli ragʻbatlantirilmadi.
 
Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda sanʼatning ushbu turi yana-da ravnaq topishi yoʻlida zalvorli qadamlar qoʻyildi — hashamatli sanʼat saroylari barpo etildi, nufuzli musiqa bilim yurtlari ochildi, turfa koʻrik-tanlovlar, mukofotlar taʼsis etildi. Mustaqillik, Navroʻz kabi umumxalq bayramlarida ulkan sahnalarda har yili yangidan-yangi nomlarni, diltortar kuy-qoʻshiqlarni kashf etish xayrli anʼanaga aylandi.
 
Shunga qaramay, bolalarimizni har tomonlama yetuk shaxs, zamonaviy insonlar etib tarbiyalash uchun ularning isteʼdodini roʻyobga chiqarish, jumladan, badiiy didini — musiqa yaratish, ijro etish va tinglash madaniyatini tarbiyalash, sanʼat dunyosiga oshno etish bugungi kunimizda ham dolzarb masalalardan biri boʻlib kelmoqda.
 
Davlatimiz rahbarining bu boradagi yangi tashabbusi yurtimizda yashayotgan har bir bolaning oʻziga xos qobiliyati va isteʼdodini oʻz vaqtida payqash, roʻyobga chiqarish va tarbiyalashda gʻoyat muhim.
 
Ishonamizki, u oʻz mevalarini uzoq kuttirmaydi. Isteʼdodli yoshlarimiz orasidan mohir sozandalar, sanʼatshunos-olimlarning kashf etilishiga turtki boʻladi. Ular esa xalqimizning bebaho boyligi boʻlmish oʻlmas musiqa asarlarini — milliy madaniyatimizning gavharu durdonalari olamga keng yoyishga, Oʻzbekiston dovrugʻini dunyoga taratishga xizmat qiladi.
 
Bundan tashqari, musiqani tushungan, biror sozni chalishni biladigan insonlarni tarbiyalash ularning hammasi ham kelgusida shu soha yoʻlidan ketishi kerak degani emas. Musiqa ularning taʼbi, talabi, dunyoqarashini tarbiyalasa, shu ham katta yutuq. Zotan, bu har bir soha rivojida kreativ fikrlaydigan, oʻz ishiga boy qalbi, yuksak insonparvarlik fazilatlarini baxsh etadigan kadrlarni kamolga yetkazishda ayni muddaodir.
 
Vatanimizni jahonning eng rivojlangan davlatlari qatorida koʻrish, tinch va farovon hayotda umrguzaronlik qilish esa barchamizning ezgu istagimiz, bugungi kunda izchil roʻyobga chiqayotgan orzu-umidlarimizdir.
 
Ozodbek NAZARBEKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

Manba: O'zA

Поделиться