O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oliy taʼlim, qurilish va sogʻliqni saqlash sohalarida korrupsiya

2020-07-01 | Jamiyat

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Bosh prokuror oʻrinbosarining sogʻliqni saqlash, taʼlim va qurilish sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.

Taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlariga korrupsiyaga qarshi kurashish maxsus kurslari kiritildi. Oliy taʼlim muassasasida jamoatchilik kengashlari shakllantirildi. Korrupsion muhitni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash uchun ular oʻrtasida anonim soʻrovnomalar oʻtkazib borilmoqda. Toʻgʻridan-toʻgʻri muassasa rahbariyati yoki vazirlikka elektron shaklda murojaat qilish (shu jumladan, anonim tarzda) imkoniyati yaratildi.

Talabalik safiga qabul qilish jarayonlari shaffofligini taʼminlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab oʻqishga qabul qilishda sharq tillaridan topshiriladigan koʻp balli tizim boʻyicha imtihonlar oʻrniga test sinovlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.

Ushbu tajribani kelgusi oʻquv yilidan boshlab boshqa chet tillari boʻyicha respublikadagi barcha davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda joriy etish belgilandi.

Majlisda kapital qurilish sohasida ham “korrupsiyasiz soha” loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayonida qurilish tizimini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor qaratilib, qurilish sifati va koʻlamini oshirish, tizimda shaffof mexanizmlarni joriy qilish boʻyicha olib borilgan muayyan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali berish hamda auksion gʻoliblariga toʻgʻridan-toʻgʻri hududiy kadastr boʻlinmalari tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi belgilandi.

Shu bilan birga, majlisda sogʻliqni saqlash tizimini ham tubdan isloh qilish, fuqarolar sogʻligʻini asrash, aholining barcha qatlamlari uchun sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini yaratishga qaratilgan ishlarga urgʻu berildi.

Oʻz navbatida, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan joriy yilning fevral-mart oylarida Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi 631 tashkilot va muassasada mehnat munosabatlariga oid lokal hujjatlar va mehnat shartnomalarining qonun hujjatlariga muvofiqligi hamda ushbu lokal hujjatlarda belgilangan talablarga rioya etilishi boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilgan.

Oʻrganishlar davomida 4 ming 896 ta qonun buzilish holati aniqlandi, 458 ta mehnat munosabatlariga oid buyruq bekor qilinib, qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi. 20 muassasada jamoat shartnomalari va 9 muassasada ichki mehnat tartib qoidalari yuritilmaganligi hamda 57 muassasada ushbu lokal hujjatlar qonunchilik talablariga zid ravishda ishlab chiqilganligi aniqlanib, ularni yangidan ishlab chiqilishida amaliy yordam koʻrsatilgan.

Majlisda oliy taʼlim, qurilish va sogʻliqni saqlash sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatda ayrim kamchiliklar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, soʻnggi ikki yilda taʼlim tizimida 326 nafar xodim taʼlim jarayoni bilan bogʻliq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. 317 nafar, yaʼni 97 foiz xodim sodir etgan qilmishlar korrupsiyaviy jinoyat hisoblanadi.

91 ta davlat oliy oʻquv yurtining 40 tasi yoki deyarli har ikkinchisida rahbar yoki professor-oʻqituvchilar tomonidan taʼlimga aloqador jinoyat sodir etilgan. Mavjud 970 ta kollej va litseydan 131 tasi, yaʼni 14 foizida taʼlimga bogʻliq jinoyatlar yuz bergan.

Soʻnggi ikki yilda sogʻliqni saqlash tizimidagi 581 nafar xodim turli jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlib, ulardan 114 nafari, yaʼni har toʻrtinchisining sodir qilgan qilmishi korrupsion jinoyat ekanligini koʻrsatdi.

Shuningdek, qurilishning barcha bosqichlarida, yaʼni yer ajratishdan tortib to obyektlarni foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan jarayonlarda korrupsiya avj olgani, ayniqsa, tadbirkorlik uchun yer berish, tanlov va tender oʻtkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida hamon suiisteʼmolchilik holatlari saqlanib qolmoqda.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA

Manba: O'zA

Поделиться