Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi “Tojboy” fermer xoʻjaligi hududning eng oldi, koʻp tarmoqli xoʻjaliklaridan. Xoʻjalik rahbari Allayor Oʻsarov esa fermerlik harakati, asosiysi, halol mehnati ortidan baraka topib, oilasi farovonligini taʼminlab kelmoqda.
– Ilgari, fermerlikkacha boʻlgan davrda yashashimiz juda ogʻir edi, – deydi fermer. – Hatto shunday kunlar ham boʻldiki, bugʻdoy oʻrniga makkajoʻxorini tegirmondan chiqarib, undan non tayyorlab yedik. Goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini gapirmasa ham boʻladi. Ana shunday paytlarda bolalarim uchun hayotimni oʻzgartirishga harakat qildim. Kambagʻallikdan chiqish choralarini qidirdim. Yaxshi eslayman, oʻsha paytlar buni uddalash, ayniqsa maʼlumotsiz bir odam uchun oson boʻlmagan.
Allayor aka 20 sotixli tomorqasida pomidor, sabzi, kartoshka kabi mahsulotlar yetishtirib, yaxshigina hosil oldi. Hosilning bir qismini oilasi va qoʻni-qoʻshnilar bilan baham koʻrib, qolganini bozorda sotdi va 30 million soʻmdan ortiq daromad qildi. Keyingi yili tomorqadan tashqari fermer xoʻjaliklaridan yer olib, bozorda xaridorgir mahsulotlar yetishtirdi. Yildan yilga daromadi, shunga mos ravishda oilasi farovonligi ham oshib boraverdi.
Shu alfozda dehqonchilikning hadisini olgan Allayor aka yashab turgan hududidan 22 gektar suvli yer maydonini olib, “Tojboy” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligini tashkil etdi.
Ayni paytda mazkur xoʻjalikning ishlari baravj. Bunda xoʻjalik rahbari Allayor Oʻsarovning boy tajribasi, tunni tongga ulab qilayotgan mehnatlari qoʻl kelmoqda.
Fermerning bir odati bor, har tong dalasiga saharlab kelib, ekinlari bilan dillashadi. Ularga mehr, eʼtibor beradi. Shundan boʻlsa kerak, yaqinda ekilgan pamidor-bodring qiygʻos gullagan...
Shunga yondosh 8 gektarda ekilgan gʻallazorda bugʻdoyning boʻliq boshoqlari egilib turibdi. Chayqalib turgan oltin rang bugʻdoyzordan taralayotgan totli don hidi dimoqqa uriladi.
Fermer boʻliq don boshoqlaridan yuqori hosil olishni, gʻalladan boʻshagan yerga kartoshka, sabzi, mosh, sholgʻom va turp ekishni moʻljallayapti. Oʻrim-yigʻim mavsumi uchun xoʻjalikning 3 ta gʻalla oʻrish kombayni soz holatda, shu bilan bir qatorda, zarur ehtiyot qismlar zaxirasi ham yaratilgan.
Fermer yaylovda boqilayotgan chorva mollarini koʻzdan kechiradi. Xoʻjaligida yuzga yaqin qoramol, 500 dan ortiq koʻy-echki boqilyapti. Bundan bir necha yil ilgari horijiy davlatdan nasldor 7 bosh qoramol olib kelgan edi. Bugungi kunda mana shu mollar soni 25 boshga yetdi. Fermer xoʻjaligi tomonidan har yili xalqimiz dasturxoniga 10-12 tonnagacha goʻsht, 5-6 tonna sut va sut mahsulotlari yetkazib beriladi.
– Bu yilgi koʻklam seryogʻin boʻlib, salqin keldi. Ekinlarimiz bir oz kechikdi – deydi fermer. – Biroq, tajriba oʻzini oqladi. Zarur agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, obi-tobida bajarganimiz qoʻl keldi. Ekinlar yetishib oldi. Endigi vazifa ayni gulga kirgan pomidor, bodring, baqlajon, bulgʻor qalampiri va boshqa mahsulotlarni vaqtida sugʻorish, mineral oʻgʻitlar berib, begona oʻtlardan tozalash. Chunki saratonda barcha ekinlar meva tugadi. Shunday ekan, maqsadni bor hosilni saqlash va uni yana-da koʻpaytirishga qaratishimiz kerak. Shuningdek, kartoshka egat oralari ishloviga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Allayor aka shu yil fevral oyining oʻrtalarida bir gektar yerga kartoshka ekkan edi. Oʻzingizga maʼlum, bu yil koʻklam seryogʻin boʻldi. Shu boisdan kartoshka yetishtirish muddati biroz kechikdi. Shunga qaramasdan fermer bir gektar kartoshkadan 30 tonnadan ortiq sifatli kartoshka hosili oldi.
– Kambagʻal odam boʻlmaydi, dangasa odam boʻlishi mumkin, – deydi Allayor Oʻsarov. – Qishlogʻimizda shunday oilalar ham borki, qishloqda yashasa-da, yer shoʻrlagan, tomorqa qumloq yoki suv taqchil, degan bahona bilan roʻzgʻoriga bodring-pomidorni ham, sabzi, piyozu kartoshkani ham bozordan tashiydi. Shu bois hayhotday tomorqaga mevali daraxt oʻrniga tol, terak, tut ekib, turli oziq-ovqat ekinlari oʻrniga chorva uchun boshoqli don yoki beda yetishtirishni afzal biladi. Osonda! Sodda qilib aytganda, ayrim odamlarning tanballigi bilan tomorqadan oqilona foydalanish oʻrniga yer oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Qahramonimiz kun salqinida chopiq ishlarimizni davom ettiraylik, deya dalaga otlandi. Dehqon kechki salqinda farzandlari bilan ekinlarni chopiq qilishga kirishadi. Kun qorayib, yon-atrofni qorongʻulik bosgani sayin dalada ish qiziydi, hayot qaynaydi...
Shahnoza MAMATUROPOVA, OʻzA
Manba: O'zA