O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahrining barqarorlik strategiyasi: o‘rganish, tahlil va xulosalar
2020-06-29 | Jamiyat
Toshkent shahar hokimligida “Toshkent shahrining barqarorlik strategiyasi bo‘yicha tavsiyalar” mavzusida videokonferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tarzda tashkil etilgan uchrashuvda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Davron Hidoyatov, Jahon bankining infratuzilma bo‘yicha katta iqtisodchisi va loyiha rahbari Aksel Braymler, shuningdek, Jahon banki, Ove Arup & Partners International Ltd., Deltares, IKS xalqaro kompaniyalari vakillari, hokimlikning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Davron Hidoyatov uchrashuvni tashkil etishdan asosiy maqsad 2020 yil fevral oyida erishilgan kelishuvga asosan yo‘lga qo‘yilgan texnik hamkorlikning holatini, shu jumladan, Toshkentga ta’sir o‘tkazayotgan salbiy omillarni (shok va stresslar) muhokama qilishdan iboratligini ma’lum qildi.
Shuningdek, konferentsiya bu yo‘nalishdagi diagnostikaning ba’zi natijalarini tasdiqlash, kelgusi ishlarni muhokama qilish, COVID-19 sharoitida ish olib borish yo‘llarini belgilash uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
Jahon bankining infratuzilma bo‘yicha katta iqtisodchisi va loyiha rahbari Aksel Braymler hozirgi global pandemiya sharoitiga qaramay, o‘zaro hamkorlik doirasidagi ishlar bir maromda ketayotganini, belgilangan rejalar o‘z vaqtida bajarilayotganini, ta’kidladi.
Ove Arup & Partners International Ltd. kompaniyasining direktori doktor Metyu Fri ishtirokchilarni bajarilgan ishlar taqdimoti bilan tanishtirib, ushbu ishlar Jahon banki boshchiligidagi Ove Arup & Partners International Ltd., Deltares, IKS kompaniyalari jamoaviy harakatining samarasi ekanligini ta’kidladi. Doktor Fri anjuman ishtirokchilarini loyiha bosqichlari bilan tanishtirib, uning birinchi bosqichi, ya’ni diagnostikaning ilk natijalari yakuniga yetganini, hozirda Toshkentning raqamli modeli ishlab chiqilganligini ma’lum qildi. Loyihaning keyingi bosqichlari barqarorlik diagnostikasi, barqarorlik bo‘yicha tavsiyalar, harakatlar rejasi va investitsion rejalardan iborat ekanligini bildirib, loyiha 2020 yilning yakuniga qadar to‘liq amalga oshirilishi ko‘zda tutilganligini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, doktor Fri ishtirokchilarni Toshkentning raqamli modeli bilan tanishtirib, ushbu model nafaqat mazkur loyihada, balki hokimlik tomonidan boshqa maqsadlarda, masalan, bosh reja uchun foydalanilishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga poytaxtimiz barqarorligi uchun zarur bo‘lgan taklif va tavsiyalar bilan tanishtirdi.
Videomuloqot yakunida Davron Hidoyatov chet ellik hamkorlarga tashkil qilingan anjuman uchun minnatdorlik bildirib, katta ish bajarilganini, kelgusida yana hamkorlikda qilinadigan ishlar ko‘pligini, shu bilan birga berilgan ma’lumotlarni batafsil o‘rganish zaruriyati mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, umumjahon pandemiyasi ko‘pchilik davlatlar bunday katta hajmdagi bemorlar oqimiga tayyor emasligini ko‘rsatganligi sababli zilzila va suv toshqinidan tashqari, shahar rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar - masalan infratuzilmaning eskirishi, aholi soni o‘sishi, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, jamoat transportini rivojlantirish kabilarni inobatga olish zarurligini ta’kidladi. Hokimlik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikka, barcha ma’lumotlarni to‘liq va o‘z vaqtida taqdim qilishga tayyorligini bildirdi.
Manba: Toshkent shahar hokimligi