O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi
2020-06-25 | Fan
Akademik Bekjon Toshmuhamedov
Taniqli olim, biofizika fanining Oʻzbekistondagi asoschilaridan biri, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi.
Bekjon Toshmuhamedov 1935-yil 27-yanvarda Toshkent shahrida tugʻildi. 1958-yili Moskva davlat universiteti va uning aspiranturasida tahsil oldi. 1962-yili nomzodlik, 1971-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1987-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Mehnat faoliyatini 1962-yili Toshkent davlat universitetida (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti, kafedra mudiri, Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika instituti direktori, Respublika Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, Fanlar akademiyasi Prezidiumi Biologiya fanlari boʻlimi raisi, Biokimyo instituti biofizika laboratoriyasi mudiri, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti bosh ilmiy xodimi lavozimlarida samarali xizmat qildi.
B.Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish boʻyicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi. Uning biofizika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqola va tadqiqotlari, risola va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida eʼtibor qozondi.
Olim hujayra membranasiga taʼsir qiluvchi faol moddalarning tadqiqoti boʻyicha Oʻzbekistonda ilmiy markaz yaratdi. Xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilgan ushbu markazning biofizika laboratoriyalarida Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Arab mamlakatlari, Polsha va boshqa davlatlardan izlanuvchilar kelib tadqiqot ishlarini amalga oshirdilar.
B.Toshmuhamedov AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy aʼzosi edi.
Jonkuyar olim koʻplab isteʼdodli yoshlarga ustozlik qildi. Uning rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi.
Akademik B.Toshmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga va “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor boʻlgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Bekjon Toshmuhamedovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev
Manba: O'zA