MAHALLA VA OILA: Faoliyat tanqid qilindi. Natija nima boʻladi?
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida Toshkent viloyati mahallalarida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini amaliyotga joriy etish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilish oʻtkazildi.
Shuningdek, Namangan va Navoiy viloyatlari mahallalaridagi muammolarni bartaraf etish hamda ish uslubini tubdan oʻzgartirishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yigʻilishda “Obod mahalla – obod koʻcha – obod xonadon” tamoyili asosida joylarda olib borilayotgan ishlarga tanqidiy baho berilib, mutasaddilarning bu boradagi maʼlumotlari tinglandi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-iyundagi yigʻilish bayoni qabul qilingan boʻlib, shu asosda viloyat, tuman (shahar) hamda mahallalarda tuziladigan Ishchi guruhlarning tarkiblari, “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlari, Harakatlar rejasi, chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ammo shu vaqtga qadar Buxoro viloyatining Buxoro, Qorakoʻl, Romitan, Peshku tumanlari va Buxoro shahriga mazkur bayon va huquqiy hujjatlar yetib bormagan. Nuroniylar jamoatchilik kengashlarining aholiga murojaati Buxoro tumanidagi Shergaron, Qorakoʻl tumanidagi Xoʻjalar hamda Romitan tumanidagi birorta ham mahallaga yetkazilmagan.
Yigʻilish davomida asosiy maqsadi kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga koʻmak koʻrsatish, uy-joylarini taʼmirlash, yordamchi xoʻjalik binolarini qurishda koʻmaklashish boʻlgan mazkur tashabbus doirasidagi amaliy ishlar talab darajasida olib borilmayotgani, hududiy rahbarlar topshiriq ijrosiga yuzaki yondashayotgani tanqid qilindi. Samarqand, Fargʻona, Andijon, Toshkent, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridagi koʻcha va xonadonlarni obodonlashtirish borasidagi ishlarga chuqur tahliliy baho berildi.
Maʼlumotlarga koʻra, shu vaqtga qadar Payariq tumanida 1 ta, Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida 3 ta, Yakkasaroy tumanida 5 ta, Quva tumanidagi mavjud 65 ta mahallada 10 kun mobaynida bor-yoʻgʻi 29 xonadon taʼmirlangan, xolos.
Tadbirda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahri, Yangiyoʻl, Chinoz, Quyi Chirchiq tumanlari masʼullari, sektor rahbarlarining Harakatlar rejasida belgilangan vazifalardan hanuz toʻla xabardor emasligi, mahallalardagi ehtiyojmand va kambagʻal oilalarning taʼmirlanadigan xonadonlari roʻyxati yetarli darajada shakllantirilmagani aytildi.
Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumani boʻyicha 1931 oila kambagʻal oila sifatida roʻyxatga olingan boʻlsada, hanuzgacha ularni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha aniq choralar koʻrilmagan. Tumanda bugungi kunga qadar 78 qabriston va ziyoratgohning bor-yoʻgʻi 1 tasida obodonlashtirish ishlari bajarilgan xolos.
Tahlillarga koʻra, aholi bandligini taʼminlash borasida Navoiy viloyati Xatirchi, Konimex, Tomdi tumanlaridagi ishlar talab darajasida emas, Toshkent viloyatining Chinoz, Ohangaron tumanlarida 2 nafardan, Nurafshon shahri, Toshkent, Bekobod tumanlarida 3 nafardan, Boʻstonliqda 5 ta, Oqqoʻrgʻonda 6 nafar ishsiz aholi bandligi taʼminlangan boʻlsa, Yangiyoʻl shahrida bu borada mutlaqo ish qilinmagan.
Yigʻilishda mahallalarda aholini manzilli ishlanishi lozim boʻlgan qismi bilan amalga oshirilayotgan ishlar, voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi qoniqarli darajada tashkil etilmayotgani taʼkidlandi.
Mamlakat boʻyicha jami jinoyat sodir etgan 862 shaxsning 303 nafari yoshlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Yigʻilishda fuqaro murojaatlari bilan ishlash tahlili haqida ham soʻz yuritildi. Xususan, 2020-yil 19-iyuniga qadar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 72 ming 56 murojaat kelib tushgan. Eng koʻp murojaat Qashqadaryo viloyatidan (12 ming 10), Toshkent shahridan (7 ming 985), Surxondaryo viloyatidan (7 ming 419), Samarqand viloyatidan (7 ming 278) boʻlgan. Baʼzi murojaatlarning koʻrib chiqilishi asossiz kechiktirilgan.
Yigʻilishda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan aniq va amaliy choralar belgilandi.
Manba: O'zA