Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan kitob YUNESKO hamkorligida nashr etildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodovning “Oʻrta Osiyo sfragistikasiga oid materiallar (Toshkent. XIX oxiri – XX asr boshlari) Muhrlar katalogi” nomli ilmiy monografiyasi YUNESKO hamkorligida nashr etildi.
Mazkur monografiya muhrlar bosilgan kataloglar toʻplami boʻlib, Bahrom Abduhalimov, Baxtiyor Bobojonov, Devin Devis, Hisao Komatsu, Shahin Mustafoyev, Yurgen Paul singari xalqaro tahrir hayʼati aʼzolari tomonidan tahrir qilingan.
Muallif ushbu monografiya ustida bir necha yillar davomida ilmiy izlanishlar olib borgan.
Ilmiy tadqiqot ishi Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (YUNESKO) va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan “Markaziy Osiyo xalqlarining qoʻlyozma va hujjatli ilmiy merosi” loyihasiga muvofiq, markaz ilmiy kengashi tavsiyasi asosida olib borildi.
Nashr ishlari Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi va Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti koʻmagi ostida Germaniyaning Gerda Xenkel (“Gerda Henkel Stiftung”) fondi, “Inson va ilmlar uyi” (la Fondation Maison des sciences de lʻhomme (FMSH) jamgʻarmasi ijtimoiy-gumanitar sohadagi Fernand Brodel stipendiyasi doirasida amalga oshirildi.
Mazkur kitob Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanayotgan muhrlarning ilmiy va tanqidiy tavsifini oʻz ichiga oladi.
Manba: O'zA