O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha videokonferensiyada ishtirok etdi
2020-06-18 | Siyosat
2020-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlik: COVID-19 ga qarshi kurashda birdamlik” mavzusidagi videokonferensiyada ishtirok etdi.
Tadbirda Afrika, Janubiy Amerika, Osiyo va Yevropaning 26 davlati tashqi siyosat idoralari rahbarlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh kotibi Tedros Adhanom Gebreyesus va BMT Taraqqiyot dasturi administratori Akim Stayner ishtirok etdi.
Videokonferensiyada koronavirusning tarqalishiga qarshi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish, kasallikning oqibatlarini bartaraf etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash, hozirgi sharoitda loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari va ko‘p tomonlama munosabatlarning boshqa istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida mazkur uchrashuvning dolzarbligini, u pandemiya sababli yuzaga kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar masalalarni samarali hal qilishni muvofiqlashtirish darajasini ko‘tarish imkonini berishini qayd etdi.
Konferensiya ishtirokchilariga aholining epidemiologik xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy soha, xususiy sektor va iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qabul qilingan choralar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Vazir transport kommunikatsiyalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash mexanizmini yaratish zarurligini hamda avtomobilda yuk tashish uchun infratuzilmani takomillashtirishning ahamiyatini ta’kidladi. U “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘lini loyihalashtirish va qurishning muhimligini ham e’tirof etdi.
Global pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini qayta yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, sanitar-gigiyenik xavfsizlikni ta’minlagan holda turistik xizmatlar ko‘rsatish sohasini faollashtishning xalqaro iqtisodiy aloqalarni qayta tiklashdagi ahamiyati ham qayd etildi.
Raqamli iqtisodiyotni, xususan raqamli tibbiyot, ta’lim va elektron savdoni rivojlantirish “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqi yakunida tez kunlarda ko‘p qirrali hamkorlik darajasining to‘liq qayta tiklanishiga hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga umid bildiri.
Anvar Ilyasov olgan surat
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi