O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mavjud muammolar chuqur tahlil qilindi
2020-06-18 | Ekologiya
Hududlarni obodonlashtirish ishlarining borishi boʻyicha sarhisob
Yurtimiz tarixidan maʼlumki, ajdodlarimizning asriy turmush tarzida oʻz yashash hududini saranjom-sarishta saqlash, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini muntazam amalga oshirish eng bebaho qadriyat hisoblanib kelingan.
Mazkur qadriyatlarimizning izchil davomi sifatida bugungi kunda respublikamizdagi barcha hududlarda joriy etilgan “Obod mahalla - obod koʻcha - obod xonadon” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik tashabbuslari, aytish mumkinki, ajdodlarimizning asriy anʼanalariga munosib javob boʻla oladi. Quvonarlisi, joylardagi bu kabi xayrli ishlarda munosib ishtirok etish maqsadida vatandoshlarimiz oʻzi yashaydigan xonadon, mahalla va koʻchalarni obodonlashtirishda oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Joriy yilning 17-iyun kuni Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini amaliyotga joriy etishda uchrayotgan bir qancha kamchiliklar aytib oʻtildi. Jumladan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari fuqarolar yigʻinlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda mahalla tizimi xodimlarining ish uslubini tubdan oʻzgartirishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar ham ushbu videoselektor yigʻilishida tanqidiy ruhda sarhisob qilindi.
Tadbir davomida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan mahalla va oila masalalariga oid mavjud muammolarni hal etish, sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni barvaqt oldini olish, kambagʻallikni qisqartirish, tomorqadan oqilona foydalanish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Obod va xavfsiz mahalla” tizimini samarali joriy etish, “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” tamoyili asosida ishlarni tizimli tashkil etishga doir fikrlar bildirib oʻtildi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari Botir Parpiyev mazkur tashabbus doirasida Ishchi guruh aʼzolari tomonidan joylarda olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtar ekan, qilinishi lozim boʻlgan vazifalar hali oldinda turganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
– Ishchi guruh aʼzolari tomonidan joylardagi 503 ta ichki koʻchalarga tungi yoritgichlar oʻrnatildi, 96 531 tup manzarali daraxtga shakl berildi va oqlandi, — dedi Botir Parpiyev. — Shuningdek, 273 ta bolalar va sport maydonchalari, 837 ta ijtimoiy va maishiy xizmat koʻrsatish obyekti obodonlashtirildi. Ammo shunga qaramay, hududlarda oʻz yechimini kutib turgan muammolar yetarli darajada. Shunday ekan, joylardagi masʼullar bu vazifalarga jiddiy yondashgan holda, amaliy harakatlarni yana-da oshirishi lozim.
Yigʻilish davomida hududlardagi mavjud holat va muammolar, ularning hal etish borasidagi amalga oshirilishi shart boʻlgan holatlar ketma-ket tahlil qilib chiqildi. Jumladan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida aholi bandligi, oilaviy ajrimlar, xususan, aholining ehtiyojmand qatlamlariga koʻrsatilayotgan ijtimoiy koʻmak, obodonlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.
Xususan, Samarqand viloyatida oilaviy ajrimlar sabablari oʻrganilganda, ularning 21 tasi xiyonat, 69 tasi migratsiya tufayli,35 tasi uzoq muddat davomida birga yashamaslik, 23 tasi ichkilik va giyohvandlik, 42 tasi oilaga uchinchi shaxsning aralashuvi, 454 tasi oiladagi turli kelishmovchiliklar natijasida yuzaga kelganligi qayd etib oʻtildi.
Hududdagi ishsizlik muammosi chuqur tahlil etilib, pandemiya sharoitida ishsiz qolgan fuqarolarning bandligiga koʻmaklashish boʻyicha Samarqand shahar, Pastdargʻom, Toyloq va Oqdaryo tumanlari yuqori oʻrindaligi aytib oʻtildi. Kambagʻallikdan chiqarish borasida esa Bulungʻur, Jomboy va Payariq tumanlarida sustkashlikka yoʻl qoʻyib kelinayotganligi alohida taʼkidlandi.
Qashqadaryo viloyatida umumiy jinoyatchilik holati joriy yilda oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 46,1 foizga, voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin-qizlar, ishsiz fuqarolar, ilgari sudlanganlar jinoyatchiligi sezilarli darajada koʻpaygan. Viloyatda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni yil boshidan shu vaqtga qadar 1 ming 20 tani tashkil etmoqda, 583 ta oilaviy ajralishlar qayd etildi. Achinarlisi, mazkur ajralishlar natijasida 459 nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar ota yoki ona mehridan mahrum boʻlgan.
Yigʻilishda taʼkidlanishicha, viloyatdagi oʻz tomorqa yeriga ega 462 ming 606 ta xonadonning 4 ming 902 tasi xonadon tomorqalaridan samarasiz foydalanib kelmoqda. Mavjud muammolarni ijobiy hal etish maqsadida Muborak, Mirishkor, Gʻuzor, Nishon va Dehqonobod kabi suv tanqisligi sababli tomorqadan samarali foydalana olmayotgan hududlarga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda “Tomorqa xizmati” MCHJ imkoniyatlaridan foydalanib artizan quduqlari qazish ishlarini tezkorlik bilan tashkil etish boʻyicha zarur choralar belgilab olindi.
Manba: O'zA