Fargʻona viloyati Soʻx tumanida umumiy qiymati 91,7 milliard soʻm boʻlgan yirik loyiha – “Qayroq” nasos stansiyasining qurilishi boshlandi.
Bugungi kunda chegaradosh hudud Soʻx tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turli sohalardagi muammolarni bartaraf etish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Asosan qishloq xoʻjaligi va bogʻdorchilikka ixtisoslashgan tumanda yerlarni oʻzlashtirish hamda suv chiqarish eng katta muammolardan biri hisoblanadi. Yildan-yilga aholi soni oʻsib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj oshib bormoqda. Bu muammo hal etilsa, ekin maydonlari kengayib, aholi bandligini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlar paydo boʻladi. Ayni kunlarda qishloq xoʻjaligida foydalanmaydigan, boʻsh turgan yerlarga suv chiqarib, sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish, yerlardan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilayotir.
Tumandagi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasida joylashgan Qayroq massivi mana shunday imkoniyatga ega boʻlgan hududlardan biri. Mazkur massiv tumanning janubiy qismida, sobiq “Soʻx” shirkat xoʻjaligi hududida joylashgan boʻlib, asosan Oloy togʻ tizmasi etagida, togʻ platasi va past balandliklardan iborat. Bu yerda qishloq xoʻjaligida foydalanishi mumkin boʻlgan 1 ming 448 gektar yer mavjud boʻlib, mazkur joy faqat yomgʻir suvi bilan sugʻoriladi. Yil qurgʻoqchil, yomgʻir kam yoqqan vaqtda hech qanday hosil olib boʻlmaydi.
Qayroq massivi janubiy, janubiy gʻarb va janubiy sharq tomonidan qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi togʻlari bilan chegaradosh boʻlib, suv olishning hech qanday imkoniyati yoʻq. Shu sababli 1985-yilda loyihasi ishlab chiqilgan va qurilishi toʻxtatilib qoʻyilgan “Qayroq” nasos stansiyasi massivga suv olishning birgina yoʻli hisoblangan. Soʻx daryosini qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi Toyon qishlogʻidan Oʻzbekiston Respublikasiga oqib oʻtayotgan qismidan suv olib, uni 400 metr balandlikka, Qayroq massivining yuqori nuqtasiga nasos stansiyalar qurish orqali bajarilishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida maxsus davlat Dasturi orqali Qayroq massiviga obi hayot yetkazib borish imkoniyati paydo boʻldi. Mazkur nasos stansiyasining qurilishi boshlanib, uni “Soʻxgidroqurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati amalga oshirmoqda.
Suv xoʻjaligi vazirligi, Fargʻona viloyati nasos stansiyalari boshqarmasi, Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi vakillari, tuman hokimligi va nuroniy otaxonlar ishtirokida “Qayroq” nasos stansiyasini qurish uchun ezgu niyatlar bilan tamal toshi qoʻyildi.
Mazkur quriladigan nasos stansiyasi maydoni davlat chegarasidan 1 600 metr uzoqlikda, yaʼni “Qizilqiyoq” nasos stansiyasining Soʻx daryosidan suv olish nuqtasida joylashgan. Daryodan suv olish daryoga toʻgʻon qurish orqali amalga oshiriladi. “Qayroq” nasos stansiyasi 2 koʻtarmali boʻlib, har birining koʻtarish balandligi 200 metr, bir soniyada 1,25 metr kub suv olish imkoniyatiga ega.