O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov Isroil elchisi bilan turizm sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi
2020-06-16 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Isroil davlatining favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapira bilan uchrashdi.
Aziz Abduhakimov elchi janoblariga davlat rahbari va hukumatning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish hamda uning milliy iqtisodiyotimizning turli sektorlariga taʼsirini yumshatishga doir qarorlari bilan batafsil tanishtirdi.
Turizm sohasi subyektlarini O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan manzilli qo‘llab-quvvatlash choralari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Isroil tomon sayyohlarning sanitar-epidemiologik xavfsizligi uchun yangi «Uzbekistan. Safe travel Guaranteed» tizimi bilan tanishtirildi. Yangi tizimning asosiy maqsadi tashrif davomida sayyohlar xavfsizligini yuqori darajada taʼminlashga yo‘naltirilganligi qayd etildi.
Aziz Abduhakimov mazkur tizim asosida zamonaviy tibbiyot va sanitariya yechimlari bilan birga, epidemiologiya asoschisi, birinchi bo‘lib pandemiyaga qarshi karantin rejimini tatbiq qilgan ulug‘ alloma va tabib Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosi yotishini taʼkidladi. Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston joriy yilning 15 iyunidan koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanayotgan mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni tiklayotgani maʼlum qilindi.
Taʼkidlash joizki, Isroil sanitar-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan mamlakatlar guruhiga kiradi. Shunday ekan, Isroil davlatidan mamlakatimizga “yashil reyslar” yo‘lga qo‘yilib, ularning fuqarolari O‘zbekistonga tashrif doirasida karantinga yo‘naltirilmaydi. Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning ikki tomonlama turistik almashuvni tiklashga doir ishlarni boshlash, xalqaro aviaqatnovlar tiklangan holda, isroillik sayyohlarni maksimal qulaylik va xavfsizlik bilan taʼminlashga tayyor ekanini bildirdi.
Eduard Shapira, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariyatining Isroil davlati va sayyohlariga bunday samimiy munosabat uchun minnatdorchilik bildirdi. Elchi Isroil tomon 2018-yilning fevralida birinchilar qatorida o‘z fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish rejimi joriy qilinganini yuqori baholashini eʼtirof etdi. Qayd etish lozimki, bu O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi isroillik sayyohlar sonining sezilarli darajada o‘sishiga olib kelgan. Shapiraning so‘zlariga ko‘ra, Isroil elchixonasi pandemiyaga qadar bo‘lgan davrdagi turistik oqim ko‘rsatkichlarini tiklash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor.
Eduard Shapira O‘zbekistonda pandemiyani nazorat qilish bilan bog‘liq barqaror vaziyatni inobatga olib, ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari o‘rtasida muhokamalar jarayonini imkon qadar qisqa fursatlarda boshlash, tashkiliy masalalar va yo‘lovchilar xavfsizligini taʼminlash choralarini tezkor ishlab chiqishni taklif qildi. U Isroil turizm vazirligi hamda elchixonasi O‘zbekiston isroillik sayyohlarni qabul qiluvchi birinchi mamlakatlar qatorida bo‘lishi uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini alohida taʼkidladi.
Diplomat Isroil tomonning 25-iyun kuni Toshkentdan Tel-Avivga birinchi reysni tashkillashtirishda ko‘mak ko‘rsatish iltimosini yetkazdi. O‘zbekiston tomon ushbu masalani qisqa fursatda ko‘rib chiqib, mamlakatimizga sayyoh sifatida tashrif buyurishni rejalashtirayotgan Isroil fuqarolari uchun tijoriy asosida “Tel-Aviv - Toshkent” yo‘nalishidagi reyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Aziz Abduhakimov O‘zbekiston tomon turizm sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini yana bir bor taʼkidlab, boshqa yo‘nalishlarda ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi