RASMIY BAYONOT: Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi xorijiy kompaniya ishchilaridan 28 nafarida koronavirus aniqlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 695 nafarga yetdi. 10-iyun kuni 73, kasallik qayd etilgandan buyon 3 ming 532 nafar, yaʼni 76 foiz bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 1 ming 144 bemor davolanmoqda, 10 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Oxirgi aniqlangan 72 bemorning 20 nafari karantin hududlarida joylashtirilgan shaxslar orasidan, 52 nafari aholi orasidan qayd etilgan. Ularning 18 nafari Navoiy viloyatida, 3 nafari Toshkent shahrida, 3 nafari Namangan viloyatida, 28 nafari Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi xorijiy kompaniya ishchilari orasida aniqlangan. Ushbu bemorlarning barchasi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yotqizilgan va kerakli davolash muolajalarini olyapti.
Kecha Oʻzbekistonda koronavirusdan oʻn toʻqqizinchi oʻlim holati qayd etildi. Ushbu fuqaro 27-may kuni Sankt-Peterburg shahridan charter reys bilan olib kelingan.
Surunkali kasalliklari bor shaxslarda kasallik ogʻir kechadi. Bemorlarning tibbiyot muassasalariga kech murojaat qilishi, oʻz-oʻzini davolashga urinishi ham salbiy holatlarga olib kelyapti. Bunday paytda tibbiyot ham ojizlik qiladi. Shuning uchun kasallik alomatlari sezilishi bilan shifokorlarga murojaat qilish, kasallik organizmni yengib olmasidan tegishli muolajalarni boshlash lozim. Kasallikni yashirmang, oʻzingiz va oila aʼzolaringiz salomatligiga eʼtiborli boʻling!