O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot texnologiyalari sohasidagi ishlar muhokama qilindi
2020-06-08 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 8-iyun kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar ijrosi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.
Shu yil 28-aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Qarorda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish va koordinatsiya qilish uchun Bosh vazir maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Bugungi tadbirda sohadagi maqsadlarga zamonaviy dasturchilar tayyorlashni jadallashtirish orqali erishish mumkinligi qayd etildi.
“Bir million dasturchi” loyihasining dastlabki bosqichida 62 mingdan ziyod oʻquvchi qamrab olinib, ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi.
Joriy yil yakuniga qadar 100 mingta va 2021-yilning birinchi yarmida yana 150 mingta oʻquvchini oʻqitish, talabalarning dasturiy taʼminot boʻyicha malakasini oshirish vazifasi belgilandi. 5-sinfdan oʻqitib kelinayotgan “Informatika” fanini zamonaviy texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish, ushbu fanga “Bir million dasturchi” loyihasiga doir yoʻnalishlarni kiritish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot, “Elektron hukumat” xizmatlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Lekin hozirda 780 tur davlat xizmatidan bor-yoʻgʻi 185 tasidan “elektron portal” orqali foydalanish imkoni mavjud. Aksariyat tashkilotlarda ish jarayonini raqamlashtirish faqat hujjat almashinuvini elektronlashtirish bilan cheklanib qolmoqda.
Shu bois “Elektron oʻqitish dasturi” orqali oʻqib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xoʻjalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish zarurligi taʼkidlandi. Ular tashkilotlarning barcha faoliyatini anʼanaviy elektron formatdan raqamli koʻrinishga oʻtkazishga masʼul boʻladi.
Misol uchun, bugungi kunda kambagʻal oilalarga kredit va subsidiyalar berish masalasini maxsus elektron dastur aniq mezonlar asosida avtomatik ravishda belgilashi kerak.
Bosh vazir maslahatchisiga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tashkilotlarda ruxsat berish va qaror qabul qilish jarayonlarini elektron formatga oʻtkazish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqish topshirildi.
IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish davr talabidir.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarda raqamli texnologiyalar boʻyicha kamida 100 ta oʻquv markazi ochish vazifasi qoʻyildi. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yoʻnalishlar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Soha mutaxassislariga sharoit yaratish masalalariga ham eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yili Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etilgan edi. Andijon va Margʻilon shaharlarida mazkur IT parkning filiallari tashkil qilindi. Poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida yana bir filial binosi qurilmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar Guliston, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida shunday filiallar tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda mutasaddilar mazkur IT parklar qurilishi, optik tolali liniyalar qamrovi, mobil internet tezligi va sifatini oshirish ishlari yuzasidan axborot berdi.
Manba: O'zA