RASMIY BAYONOT: Koronavirus aholi orasida keng tarqalmoqda, 14 fuqaroning ahvoli ogʻir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 182 nafarga yetdi. 5-iyun kuni 21, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 268 nafar, yaʼni 79 foizdan ziyod bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 896 bemor davolanmoqda, 11 nafarining ahvoli ogʻir, 3 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. 49 mingdan koʻproq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 22 mingdan ortiqrogʻi statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan.
Hurmatli yurtdoshlar!
Koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Keyingi paytlarda kasallikning aholi orasida qayd etilishi ham ortib boryapti. 4-iyun kuni 13 holatda kasallik aholi orasida qayd etilgan boʻlsa, 5-iyun kuni bu koʻrsatkich 17 taga, 6-iyun kuni esa 20 taga yetdi.
Bundan koʻrinib turibdiki, vaziyat oʻta jiddiy, aholi orasida kasallikka chalinganlar bor. Demak har birimiz koʻchaga chiqish va muloqotga kirishish jarayonida kasallikni yuqtirib olishimiz mumkin. Shunday ekan, doka niqob taqib yurish, masofani saqlash, qoʻllarni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirib turish singari barcha tavsiyalarga amal qiling.