Toʻra Bobolov: Denov – xorijliklar ham havas qiladigan yangi qiyofadagi obod tumanga aylanadi
Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Denov tumani faollarining navbatdagi yigʻilishida Prezidentimizning “2020-2022-yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi.
Denov tumani vohada aholi eng koʻp joylashgan hududlardan biri hisoblanadi. Shu paytgacha tuman bosh rejasida urbanizatsiya talablari inobatga olinmagan boʻlib, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy inshootlar uzoqni moʻljallamay barpo etilgan. Oqibatda tuman markazi juda zich boʻlib qoldi. Transport harakatlanishida tirbandlik paydo boʻlib, yoʻl va koʻchalar, bozor va boshqa jamoat joylarida ayrim muammolarga duch kelinayotgan edi.
2020 — 2022-yillarda Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga asosan hududda yuzaga kelib qolgan muammolarga chek qoʻyiladigan boʻldi. Shunga muvofiq tadbirkorlik, hunarmandchilik, sanoat, turizm, xizmat koʻrsatish va agrar sohani rivojlantirib, tuman markazining meʼmoriy qiyofasini tubdan oʻzgartirish, uning tarixiy qismini rekonstruksiya qilish hamda obodonlashtirish boʻyicha yirik hajmdagi ishlar amalga oshiriladi.
Dastur doirasida 505 ta loyihani roʻyobga chiqarish uchun 3 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Jumladan, uch yilda 51 ta sanoat, 46 ta xizmat koʻrsatish, 50 ta qishloq xoʻjaligi, 67 ta yoʻl-transport, 11 ta ichimlik suvi va kanalizatsiya, 105 ta elektr energiyasi, 22 ta gaz taʼminoti, 2 ta axborot-kommunikatsiya, 51 ta maktabgacha taʼlim, 17 ta umumtaʼlim maktablari, 9 ta sogʻliqni saqlash, 7 ta madaniyat va sport, 38 ta obodonlashtirish loyihalari bajarilishi kerak. Shuningdek, koʻp qavatli uy-joylarni qurish va isitish tizimi, tadbirkorlik, turizm kabi sohalarni rivojlantirish borasida ham koʻplab loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
– Bu ishlar bajarilgach, Denov xorijliklar ham havas qiladigan yangi qiyofadagi obod tumanga aylanadi, – dedi viloyat hokimi. – Buning uchun zamonaviy shaharsozlik talablari asosida koʻp qavatli uy-joylar, koʻrkam savdo va ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, “aqlli bekat”lar quriladi. Markaziy dehqon bozori va uning atrofidagi xizmat koʻrsatish obyektlari, yirik sanoat korxonalari, markaziy jome masjidi tuman markazidan tashqariga koʻchiriladi. XVI-asrda bunyod etilgan, bugungi kunda taʼmirtalab boʻlib qolgan “Said-Otaliq” madrasasi majmuasi hamda “Xoja Alouddin Attor” meʼmoriy obidalari rekonstruksiya qilinib, tiklanadi.
Denovliklarning asriy orzularini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladigan ushbu dasturda 4r-108 “Denov aylanma yoʻli”, M-41 “Bishkek-Termiz-Dushanbe” avtomobil yoʻlini bogʻlovchi temir yoʻl ustidan oʻtgan hamda tuman markazidagi Guliston va Lolazor mahallalarini bogʻlovchi Qizilsuv daryosi ustidan oʻtuvchi yangi koʻpriklar qurish va boshqa inshootlarni barpo etib, aholiga barcha qulayliklarni yaratish rejalashtirilgan.
Faollar yigʻilishida dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi atroflicha tahlil qilinib, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari O. Abdurahmonov ishtirok etdi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV