Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari kuni kecha “Chashma” chegaraoldi hududida roʻy bergan hodisa bilan bogʻliq masalalarni batafsil koʻrib chiqib, bunday vaziyat boshqa takrorlanmasligi uchun mukammal choralar qabul qilish muhim ekanini taʼkidladilar. Hukumat delegatsiyalari oʻtkazgan muzokaralarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki tomonlama munosabatlarga oid mavjud masalalarni tartibga solish hamda amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiya sohalarida yangi oʻsish nuqtalarini aniqlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni faollashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Hukumatlararo qoʻshma komissiyasi hamda Chegaradosh viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarini oʻtkazish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Suhbat chogʻida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi kurash boʻyicha yaqindan hamkorlikni va idoralararo almashinuvlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar halqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini qardosh xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yana-da mustahkamlashda qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Manba: O'zA