O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident xalq bilan fikrlashdi
2020-05-29 | Siyosat
Yangi ekoparkda Sergeli tumani mutasaddilari, aholi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
- Bugun bu yerga kelishimdan maqsad - koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda xalqimizni nimalar oʻylantirayotgani, odamlar hayotini yaxshilash uchun yana nimalar qilish kerakligini birgalikda fikrlashib olish, - dedi davlatimiz rahbari.
Sergeli tumani uchun shakllantirilgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 1,8 trillion soʻmlik 61 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 5 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 22 ta loyiha boʻyicha 83 million dollar miqdorida horijiy sarmoyalar oʻzlashtiriladi.
Misol uchun, Toshkent quvur zavodida joriy yilda xitoylik hamkorlar bilan birga 85 million dollar investitsiya evaziga yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.
Chirchiq daryosining Bektemir va Sergeli tumanlaridan oqib oʻtuvchi 16 kilometrlik qismidagi oʻzanlarni 65-80 metrgacha qisqartirish orqali qoʻshimcha 565 gektar boʻsh yer zaxirasi paydo boʻladi. Bu yerda yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish orqali qoʻshimcha 160 ming yangi ish oʻrni yaratish mumkin. Mutasaddilarga bu masalani atroflicha hisob-kitob qilib, ularni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari kichik biznesni rivojlantirish, aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, kambagʻallikni qisqartirish zarurligini taʼkidladi.
Transport va kommunal xoʻjalik infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qiymati 83 million dollar boʻlgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi qurilmoqda. Uni joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi.
Oqova suv va isitish tarmoqlarini yaxshilash, markaziy issiqlik tizimini yopiq tizimga oʻtkazish orqali modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Manba: O'zA