RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda 573 bemor koronavirusdan davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli ogʻir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3078 nafarga yetdi. 2492 nafar, yaʼni 81 foiz bemor toʻliq sogʻaygan. Sogʻliqni saqlash vazirligi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda 573 bemor davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli ogʻir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bizga qoʻshni davlatlar, xususan Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalarida koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyat oʻta murakkabligicha saqlanib turibdi.
Karantin tadbirlari davom etyotganini bila turib guruh-guruh boʻlib toʻplanish, xonadonma xonadon yurish, koʻchaga doka niqoblarsiz chiqish yoki uni taqish qoidalariga rioya etmaslik, uyga qaytganimizda qoʻllarimizni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirmaslikning oqibatlari yaxshi boʻlmaydi. Bir birimizni bayram bilan qutlagimiz, koʻrishgimiz, bagʻrimizga bosgimiz keladi. Lekin hozir buning mavridi emas. Aynan mana shu harakatlarimiz epidemik vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkinligini yoddan chiqarmang.
Atrofimizda kasallikka chalinganlar yoʻqligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ikki kun oldin Navoiy viloyatida 15 holatda, Samarqand viloyatida 13 holatda aholi orasida koronavirus kasalligi aniqlandi. Buni yuqoridagi fikrlarimizning isboti sifatida qabul qilishingizni soʻrardik.