O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
2020-05-21 | Hujjatlar
Ezgulik, saxovat va muruvvat oyi boʻlgan muborak Ramazon oyi bu yil mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli uyda, oila davrasida, oʻzaro ahillik va hamjihatlik muhitida munosib oʻtkazilmoqda. El-yurtimiz turli sinov va qiyinchiliklardan yana-da kuchli va qudratli boʻlib oʻtgan holda, muqaddas Ramazon hayitini ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik bilan kutib olmoqda.
Ushbu ulugʻ ayyomning xalqimiz maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni, uning jamiyatimizda saxiylik, shukronalik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi ahamiyatini inobatga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2020-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 24-may – yakshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2020-yil 24-may Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon hayitining karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV