Pensiyalarni naqd pul shaklida yetkazishga kim mas'ul?
“Pensiyalar va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”i PQ-2826-son qaroriga muvofiq, 2017-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida pensiyalar va nafaqalarni to‘lash faqat Xalq banki tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Xalq banki tomonidan pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazishni tashkil etish maqsadida Xalq bankiga 4 ming nafar kassir va nazoratchi shtat birliklari hamda 590 ta «Damas» markali avtotransport vositasi ajratilib, 2 mingta sayyor kassalar tashkil etildi.
Ushbu qarorga muvofiq, pensiya va nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchi fuqarolarga to‘lovlar Xalq banki sayyor kassalari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari binosida har oyning 27-sanasiga qadar yetkazilmoqda.
Pensiyalarni yetkazilganligi uchun haq to‘lanadimi?
Pensiyalar va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha Xalq banki tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun pensiyalar va nafaqalarni yetkazib berish umumiy summasi hajmining 1 foizgacha miqdorida xaq to‘lanishi belgilangan.
Ushbu ko‘rsatilgan xizmat xarajatlari Xalq bankiga byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi hamda fuqarolar tomonidan ushbu xizmatlar uchun to‘lov to‘lanmaydi.
To‘lovlarni bank kartasi orqali to‘lash tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, pensionerlarga pensiyalar ularning yashash joyi bo‘yicha naqd shaklda Xalq banki orqali yoki pensionerning xohishiga ko‘ra tijorat bankida ochilgan bank plastik kartalari orqali to‘lanadi.
Ya'ni, pensionerlarda pensiya va nafaqalarni bank kartasi orqali olish uchun tijorat bankini tanlash huquqi mavjud.
Bundan tashqari to‘lanishi lozim bo‘lgan pensiya summasi, pensionerning tanloviga ko‘ra qisman naqd shaklda va qisman bank plastik kartasi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bank plastik kartalarga pensiya va nafaqalar har oyning boshida (asosan 2-5 sanada) yuklab beriladi.