O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oila qadriyatining umri bardavom boʻlmogʻi shart
2020-05-15 | Jamiyat
Har qanday mamlakat va davlatning eng katta boyligi, kuchi qudrati bu uning bagʻrida yashayotgan oilalar va aholidir. Yurt tinchligi oilalar tinchligidan, el-yurt farovonligi oilalar farovonligidan paydo boʻladi.
Mamlakatimizda bugungi kunda 34 milliondan ziyod aholi boʻlsa – ularning 98 foizi oilalarda istiqomat qiladi. Hozirda respublikamizda 8 million 200 ming oila bor. Shuni alohida taʼkidlash joizki, oila bilan bogʻliq 50 ga yaqin qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20 dan ortiq farmoni, qarori va farmoyishlari, hukumatning 70 dan ziyod qaror va farmoyishlari hayotga keng joriy etilmoqda.
Oʻnlab davlat va nodavlat tashkilotlari, minglab soha mutaxassislarining mehnati ham aynan oilalar maʼnaviy sogʻlom, iqtisodiy baquvvat boʻlishini taʼminlashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Eng katta baxt, men buni ming marta qaytarishdan charchamayman – oilamiz tinch boʻlsin! Oila kichik vatan, oila tinch boʻlsa, baxtli boʻlsa – vatan tinch boʻladi, ” degan ezgu soʻzlari ham oila qadriyatining nechogʻlik ustuvor ekanini anglatadi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni jamiyat va oilalarda sogʻlom, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni, tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Aslida oila qadriyatini asrash, oila institutini mustahkamlash va takomillashtirish hamma davrlarda ham dolzarbdir. Biroq bugungi globallashuv sharoitida oila va oilaviy tarbiya masalasi yana-da dolzarblik kasb etmoqda.
Insoniyat bugunga kelib tabiiy yoʻqotishlar qatorida maʼnaviy tanazzullarni, xususan, oila, mehr-oqibat, oʻzaro hurmat, qoʻshnichilik, doʻstlik kabi insoniy qadriyatlarga tahdidlarni boshidan kechirmoqda. Bu davrda har qanday sohaning yondashuvlari, ish uslublari yangilanmoqqa muhtojlik sezadi. Bugun Oʻzbekiston mana shunday yangilanish, isloh qilish, dunyoga original nuqtayi nazar bilan qarash yoʻlidan bormoqda.
Bugunning olimlari yaxshi biladilarki, har qanday yangilik ham aslida eskilikning sayqallangan bir namunasidir va hech bir yangilik oʻz oʻzagidan oʻsib chiqmaydi, balki uning eski bir nusxasi, ildizi asrlarning qaʼrida yashayotgan boʻladi.
Oilaviy nizolarni hal etishning usuli ham aslida juda qadimiy boʻlgan eski vositadir, ish uslubidir. Masalan, azaldan va bundan 20 yillar oldin ham bir oilada oʻzaro nizo yuzaga kelsa, urishgan eru xotin ikkita kayvoni va obroʻli odamning nasihati bilan yarashib ketishi mumkin edi. Mahallalarimizda “Yarashtirish komissiya”lari uzoq yillar jamoatchilik asosida shu yoʻsinda ishlab kelmoqda ham.
Ammo endilikda yarashtirish amaliyotidagi baʼzi yondashuvlarimiz yetarlicha natija bermayapti. Bugunning odamlariga, fuqarolarimizga boshqacha taʼsir choralarini koʻrish zarur boʻlmoqda. Qolaversa, oilaviy ajrimlar, notinch oilalar, oʻzaro kelishmovchiliklar kabi koʻrsatkichlarimiz eng avj darajalarda yuqorilasa yuqoriladiki, pasaymayapti va bu holatlar barchamizni xavotirga solmoqda.
Hayotiy misol tarzida oʻtgan yillarda bir mahalladagi bitta koʻchadan 27 nafar qiz turmushga chiqqan boʻlsa, shu qizlarning 70 foizida ajrim holati kuzatilganini keltirib oʻtish joiz. Poytaxtimizda qurilgan yangi har 10 oiladan 4 tasi ajralib ketayotgani ham bor gap.
Lekin, har qanday vaziyatda ham oila deb atalmish muqaddas qadriyat dunyoning bezagi va odamzotga hayotning asl maʼnosini eslatib turadigan omil ekanini, uni asrash, urush va janjallardan holi saqlash lozimligini xalqimizga uqtirish, taʼkidlash, targʻib etishdan toʻxtamasligimiz darkor.
Biz bu borada yangiliklarni qoʻllashimiz uchun oʻz qadriyatlarimiz va uslublarimizdan voz kechishimiz shart emas, balki urf-odat va qadriyatlarimizni zamonga moslashtirmogʻimiz lozim boʻladi.
Shu maʼnoda bugun tilimizga tobora oʻrnashib borayotgan innovatsion, kreativ degan soʻzlar vositasida ishlash ruhini yangilamogʻimiz zarur. Chunki zamon va uning odamlari bizdan shuni talab etmoqda. Bilasizki, tibbiyotda odam jismini oʻrganish uchun ham alohida yondashuvlar bor. Xuddi shunday inson ruhiyati, psixologiyasi bilan bogʻliq masalalarda bizga ilm yordamga keladi.
Shu bois Prezidentimiz har bir muammoni, masalani hal etishda bildirgan fikrlari biz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu oʻrinda “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonun nizoli oilalardagi muhitni moʻtadillashtirish, sogʻlomlashtirish maqsadida milliy mezonlar zamonaviy yondashuvlar bilan uygʻunlashtirib ishlab chiqilganini eʼtirof etish joiz.
Shuningdek, mediatsiya boʻyicha internet orqali koʻpgina xorijiy tajribalarni ham kuzata turib, qaysi irq, millat va dinga mansubligidan qatʼi nazar, insoniyatning uygʻun, mushtarak va mujassam qoidalari mavjudligidan hayratlandim.
Muqaddas dinimizda, ilohiy kuchga ega kitoblarimiz, hadislarimizda mediatsiyaning asosi boʻlmish – insonni qadrlashni, uning huquqini taʼminlashni sharqona diplomatiya qoidalari, yaʼni murosayu madora, yaxshilik va savob yoʻlida vositachilik uslubini qoʻllash orqali hal etish allaqachonlar belgilab qoʻyilganiga guvoh boʻldim.
Eʼtirof etish joizki, insoniyat boshidan koronavirus pandemiyasi oqibatida sinovli kunlar kechayotgan bir davrda Oʻzbekiston oilalaridagi tarixiy va maʼnaviy qadriyatlar, oʻzaro hamjihatlik, qoʻni-qoʻshnichilik, mehr-oqibat, xayr-saxovat va shukronalik kabi fazilatlar yaqqolroq namoyon boʻlmoqda.
Pandemiyadan keyingi hayot avvalgidek boʻlmasligini tushunib yetdik. Endi sogʻlom turmush tarzi, qoʻlni yuvish, gigiyenik qoidalarga amal qilish, jismoniy faollik va madaniyat, toʻgʻri ovqatlanish kabi soʻzlar shunchaki havoyi, rasmiy hisobotlar uchun emasligini anglab yetdik. Chunki, koronavirusdek vaziyatlarni murakkablashtirgan virus xavfini oddiy gigiyenik qoidalarga amal qilish bilan yengish mumkinligini koʻrdik.
Bu yil 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan onlayn tadbirlar mohiyatida ham shu gʻoya mujassam etilgan.
Jumladan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari hududlarda oʻtkaziladigan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishga katta urgʻu beradi.
Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Oila muqaddas”, “Bizning ahil oila” kabi mavzularda onlayn tanlovlar oʻtkazish, #oilamfaxrim, #oilamuqaddas xeshtegi ostida fleshmoblar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu kabi ezgu harakatlarning barchasi mamlakatimiz oilalarining mustahkam boʻlishiga hissa qoʻshishiga ishonamiz.