RASMIY BAYONOT: Oʻzbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 525 bemordan 11 nafarining ahvoli ogʻir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 2620 bemor roʻyxatga olingan. 2075 nafar yaʼni 80 foizdan ortiqroq bemor toʻliq sogʻaygan va reabilitatsiya markazlariga oʻtkazilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligidan olingan maʼlumotga koʻra, shifoxonalarda davolanayotgan 525 bemordan 11 nafarining ahvoli ogʻir, deb baholanyapti.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. Karantin bekor qilingani haqida hech qanday koʻrsatma boʻlgani yoʻq. Demak, karantin tadbirlariga va berilgan imkoniyat – karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish talablariga toʻliq rioya etishimiz kerak. Agar biz haddan ortiq faollashib ketadigan, muloqotlarni oshirib yuboradigan, kasallik yuqish imkoniyatini yuzaga keltiradigan boʻlsak, vaziyat yana jiddiylashib ketishiga sababchi boʻlib qolishimiz mumkin.
Kasallikning ikkinchi toʻlqiniga roʻbaroʻ keladigan boʻlsak, u paytda qoʻyiladigan talablar yana-da qattiq va keskin boʻladi. Shuncha payt karantin tadbirlariga rioya etib, vaziyatni birmuncha barqarorlashtirdik. Hamjihatlikda harakatlarni davom ettirsak, kasallikni yengamiz va epidemik barqaror hududga aylanamiz.