O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti va XXR Raisi telefon orqali muloqot qildilar
2020-05-07 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va XXR yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikka doir va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Davlat rahbarlari koronavirus infeksiyasiga qarshi davom etayotgan kurashning eng murakkab davrida ko‘rsatilgan o‘zaro ko‘mak va gumanitar yordamni katta mamnuniyat va minnatdorlik bilan qayd etdilar.
Aprel oyining ikkinchi yarmida ushbu xavfli virus bilan kasallanganlarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish sohasida Xitoyning ulkan amaliy tajribaga ega yetakchi vrachlari guruhi mamlakatimizda bo‘ldi.
Prezidentimiz xitoylik mutaxassislar yuksak professional mahorat namoyish etganliklari, ularning mamlakatimiz hududlaridagi mashaqqatli mehnati pandemiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qilganini alohida ta’kidladi.
Bularning barchasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi, deb ta’kidladilar davlat rahbarlari.
Ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash va sanitariya-epidemiologiya nazorati sohasidagi idoralari o‘rtasida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, ko‘p qirrali, shu jumladan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikning holati va uni kengaytirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi.
XXRning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etish asosida kambag‘allikni qisqartirish masalalarida samarali muloqot boshlangani alohida ta’kidlandi.
Suhbat natijalariga ko‘ra ikki tomonlama oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish ishlari davom ettiriladi.
Ikki mamlakat vazirlik va idoralari, hududlar ma’muriyatlari, bank-moliya institutlari va yetakchi kompaniyalari pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni izlash maqsadida hamkorlikdagi ishlarini faollashtiradi. Bular, avvalo, o‘zaro savdo hajmini oshirish va uning mutanosibligiga erishish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish hajmining o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratish, gumanitar dasturlarni ilgari surishdir.
Davlat rahbarlari mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirib borishga qat’iy intilish tasdiqlandi.
Suhbat yakunida O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik ruhidagi keng ko‘lamli hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor ta’kidladilar.