RASMIY BAYONOT: 830 bemordan 10 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 2160 bemor roʻyxatga olingan. Bemorlarning 1319 nafari toʻliq sogʻaygan va reabilitatsiya markazlariga oʻtkazilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, 830 bemordan 10 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir.
Hozirgi vaqtga kelib, 56 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini oʻtayapti. Ularning 13 mingdan ortiqrogʻi statsionar sharoitida, 42 mingdan ortiqrogʻi uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Kuni kecha 7300 dan koʻproq virusologik tekshirishlar oʻtkazildi. Epidemik vaziyat murakkablashgandan buyon 325 mingdan koʻproq koronavirus kasalligiga laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazilgan.
Hurmatli yurtdoshlar!
Karantin tadbirlari davom etyapti. Bir muncha yengilliklar va imkoniyatlar paydo boʻldi. Bu – biz karantin tadbirlarini buzishga haqimiz bor, degani emas. Har birimiz masʼuliyat bilan yondashishimiz kerak. Har birimizning harakatimiz epidemik vaziyat barqarorlashuvi yoki murakkablashuvida namoyon boʻlishini unutmang!