O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
RASMIY BAYONOT: 2017 fuqaroda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan, 8 bemorning ahvoli ogʻir
2020-04-30 | Sog‘liqni saqlash
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 2017 fuqaro roʻyxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan maʼlumotga koʻra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 71 bemorning 13 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 79 bemordan 2 nafarining ahvoli ogʻir. Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasida davolanayotgan 89 bemordan 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 3 nafarining ahvoli ogʻir, deb baholanyapti.
Hurmatli yurtdoshlar!
Kasallikka chalinganlarni davolashda erishilayotgan yutuqlar haqida xabar topyapsiz. Ayni paytga kelib, 1096 hamyurtimiz kasallikdan toʻliq sogʻayib, reabilitatsiya markazlariga oʻtkazildi. 897 bemor shifoxonalarda davolash muolajalarini olyapti.
Kuni kecha Prezidentimiz videoselektr yigʻilishida karantin tadbirlarini bir muncha yumshatish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Albatta, bu kabi koʻrsatmalarning berilishi hammamiz uchun quvonchli holat, quvonchli xabar.
Karantin va cheklov tadbirlari nechogʻlik samara berganini koʻrib turibmiz. Biz aynan mana shu tadbirlarga rioya qilganimiz sababli kasallik keng avj olib ketishiga yoʻl qoʻymadik. Sizdan bildirilgan ishonchni suiisteʼmol qilmasdan, mabodo koʻchaga chiqqudek boʻlsangiz oraliq masofani saqlashni, doka niqoblar taqishni, ortiqcha muloqotlardan oʻzingizni tiyishingizni iltimos qilamiz. Yana bir muddat mana shu karantin tadbirlariga rioya etish orqali, albatta vaziyatni barqarorlashtirishga erishamiz.