O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2020-04-29 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soʻnggi yillarda mamlakatda oʻquv-pedagogik jarayonga innovatsion ilgʻor va xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va professor-oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirish, shuningdek, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashni nazarda tutadigan yuridik taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha bir qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, milliy yuridik taʼlimning samaradorligi nisbatan pastligicha qolmoqda, bu yuqori malakali mutaxassis-huquqshunoslarni tayyorlash va mamlakatda yuridik fanni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligi bilan izohlanadi.

Yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida raqobatning mavjud emasligi milliy yurisprudensiya ilmiy maktabining shakllanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, shuningdek, hududlardagi iqtidorli yoshlar uchun teng taʼlim olish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliy jihatdan joriy etish, oʻqitishning ilgʻor uslublaridan keng foydalanish, shuningdek, zamonaviy talablarni inobatga olgan holda taʼlim standartlarini modernizatsiyalash va oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqishga yetarli eʼtibor berilmayapti, bu esa yuridik taʼlim sifati va ilmiy salohiyatning pasayishiga olib kelmoqda.

Yuridik taʼlim va fan tizimini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini taʼminlash, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, shuningdek, keng yuridik jamoatchilikning:

Toshkent davlat yuridik universitetini (keyingi oʻrinlarda – TDYUU) “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash boʻyicha bazaviy oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilash;

Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar (keyingi oʻrinlarda – yuridik fakultetlar) tashkil etib, “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar boʻyicha qabulni, shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabulni amalga oshirish;

davlat, huquq va siyosiy-huquqiy taʼlimot sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar yuridik taʼlim va fanni yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

zamonaviy talablar, ilgʻor xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni taʼminlash;

oʻqitishning kredit-modul tizimini va talabalar bilimini baholash usullarini takomillashtirish, oʻquv jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash hamda oʻquv bazasini modernizatsiyalash;

klinik yuridik taʼlimni rivojlantirish yoʻli bilan oʻquv jarayoni va huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrtasida uzviy aloqani taʼminlash;

rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni, qoʻshma huquqiy tadqiqotlarni, professor-oʻqituvchilar va talabalar oʻzaro almashinuvini faollashtirish;

axborot huquqiy texnologiyalar va tizimlarni (Legal Tech) ishlab chiqqan holda davlat va huquq sohasida ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni oʻtkazish;

xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yuridik kadrlarni tayyorlash boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini (double degree) amalga oshirish, oʻquv-taʼlim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish;

“Elektron universitet” (E-University) tizimini joriy etgan holda ochiq, shaffof, subyektivlik va suiisteʼmolchiliklardan xoli boʻlgan taʼlim muhitini yaratish;

TDYUU va yuridik fakultetlarni xalqaro tan olingan taʼlim muassasalari reytingiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali milliy yuridik taʼlim raqobatbardoshligini oshirish.

3. Yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirishning shunday tartibi joriy etilsinki, unga muvofiq:

TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga qabul parametrlari yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni monitoring qilish va prognozlashtirish elektron platformasini yaratgan holda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarida joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olib, har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar kesimida tahlil qilish asosida shakllantiriladi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi har yili belgilangan muddatlarda ish beruvchilarning yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlari haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim qiladi;

mulkchilikning barcha shakllaridagi tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari, yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtmani shakllantirishda ishtirok etishga, xususan, TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarda kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun toʻlovni, ular tomonidan oʻqishni tugatganidan soʻng, shartnomada belgilanadigan muddat davomida tashkilot-buyurtmachida uzluksiz ishlash majburiyatini qabul qilgan holda, amalga oshirishiga haqli;

potensial ish beruvchilar bilan birgalikda shartnoma asosida mutaxassislar tayyorlashni (taʼlim klasterlari) tashkil etgan holda yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma joylashtirish uchun yuridik kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalarini saralash tanlovi joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga, oʻz yuridik xizmatlarini tashkil etishda koʻmaklashsin;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuridik maʼlumot zarur boʻlgan lavozimlar roʻyxatini kengaytirgan holda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritsin.

4. Toshkent davlat yuridik universiteti Vasiylik kengashining yangi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vasiylik kengashi zimmasiga, qonun hujjatlarida belgilangan vazifalar bilan bir qatorda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarida yuridik kadrlarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni chuqur tahlil qilish asosida yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtmani samarali shakllantirishni taʼminlash vazifasi yuklansin.

5. Quyidagilar:

TDYUUda Nagoya universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlikda tashkil etilgan yapon tili va huquqi haqidagi bilimlarga ega malakali yuridik kadrlarni tayyorlash, akademik almashinuv va qoʻshma ilmiy huquqiy tadqiqotlarni oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Yapon huquqini oʻrganish markazi faoliyat yuritayotganligi;

Regensburg universiteti (Germaniya Federativ Respublikasi) bilan 2020-yilda TDYUUda nemis tili va huquqini biladigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga qaratilgan Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazini ochish toʻgʻrisida kelishuvga erishilganligi;

Buyuk Britaniya va Xitoy Xalq Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bilan TDYUUda ingliz va xitoy huquqini oʻrganish markazlarini tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda TDYUUga xorijiy huquqni oʻrganish markazlari faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashib borsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va TDYUUning quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) TDYUUda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti (keyingi oʻrinlarda – Fakultet) tashkil etish, uning zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni yuklash:

xalqaro xususiy huquq, shu jumladan, xalqaro arbitraj huquqini chuqur oʻrganish, shuningdek, milliy va yapon, nemis huquqi hamda boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquq tizimlarini qiyosiy tadqiq qilish asosida yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash;

Yaponiya, Germaniya va boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquqi va huquqiy tizimlarining qiyosiy tadqiqotlari natijalarini hisobga olgan holda xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish va milliy qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

xorijiy huquq va huquqiy tizimlarni qiyosiy tadqiq qilish maqsadida xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi hamda stajirovkalarni tizimli asosda tashkil etish;

konstitutsiyaviy, fuqarolik, maʼmuriy, jinoyat, jinoyat-protsessual va huquqning boshqa sohalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

b) Fakultetning asosiy hamkorlari sifatida Yaponiya tomonidan – Nagoya universitetini, Germaniya Federativ Respublikasi tomonidan – Regensburg universitetini belgilash.

Belgilansinki:

xorijiy huquqni oʻrganish markazlari Fakultet tarkibida faoliyat yuritadi;

Fakultet negizida xorijiy taʼlim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan huquq sohasida qoʻshma tadqiqot, oʻquv-taʼlim va boshqa loyihalarni tashkil etish boʻyicha maydon yaratiladi;

Fakultetdagi oʻquv jarayoniga xorijiy oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari faol jalb etiladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda Nagoya va Regensburg universitetlari hamda xorijiy davlatlarning boshqa oliy taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar oʻtkazsin va ularning natijalariga koʻra quyidagilar tasdiqlanishini taʼminlasin:

2020-2025 yillarda yetakchi yapon, nemis va boshqa chet ellik olimlarning yuridik fanlar boʻyicha oʻquv adabiyotlari turkumini davlat tiliga tarjima qilish va chop etishni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;

2021-2022 yillarda xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi hamda stajirovkalarni tashkil etish jadvali.

Belgilansinki, ushbu bandda koʻzda tutilgan tadbirlarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish adliya organlari va muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda homiylar va donorlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

8. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Toshkent shahrida, innovatsion oʻquv jarayonini tashkil etish uchun zarur infratuzilmaga ega TDYUUning zamonaviy kampusini barpo etish imkoniyatlarini oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini TDYUU magistraturasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda – Davlat test markazi) tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilish, bazaviy oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki oʻqitish dasturlarini joriy etish;

bazaviy oliy yuridik maʼlumotga hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi markaziy organlarida yuridik yoʻnalish boʻyicha kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan rahbar xodimlarni magistraturaga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki oʻqitish dasturlari boʻyicha oʻqish uchun qabulini tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga koʻra, kirish test sinovlarisiz, toʻlov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari amalga oshirish;

“yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilarni TDYUU magistraturasiga test sinovlarisiz, toʻlov-kontrakt asosida, oʻqish qiymatining 50 foizini toʻlab, qabul parametrlaridan tashqari, oʻqishni tugatgandan soʻng TDYUU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi litseyda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilish tartibini joriy etish;

TDYUU, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litseyda pullik asosda tayyorlov va boshqa kurslarni, yozgi va qishki maktablarni, shu jumladan, chet el fuqarolari uchun tashkil etish.

10. TDYUU rektoriga byudjetdan tashqari (toʻlov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt) mablagʻlar hisobidan:

xorijiy mutaxassislarni konsultant, maʼruzachi va oʻqituvchi sifatida jalb etib, ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilash;

TDYUU bakalavriat, magistraturasi istiqbolli bitiruvchilari va xodimlarining xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalari magistratura va doktoranturasida oʻqishi qiymati va u bilan bogʻliq xarajatlar uchun toʻlovlarni, ular tomonidan oʻqishni tugatgandan soʻng TDYUUda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olish sharti bilan amalga oshirish;

TDYUU va TDYUU qoshidagi akademik litseyning iqtidorli talaba hamda oʻquvchilariga stipendiya va grantlar ajratish huquqi berilsin.

11. TDYUU moliyaviy barqarorligi va taʼlim xizmatlari bozorida talab yuqoriligini inobatga olib, 2020-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, TDYUU oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy taʼlim muassasalariga berilgan huquqlar bilan bir qatorda quyidagilarni ham mustaqil ravishda amalga oshiradi:

taʼlimning uzluksizligi va izchilligini taʼminlashni hisobga olgan holda TDYUU qoshidagi akademik litseyning oʻquv-uslubiy jarayonini muvofiqlashtirish, uning tuzilmasini, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, qabul parametrlari va taʼlim yoʻnalishlarini belgilash;

yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litsey pedagog xodimlarining mehnatini meʼyorlashtirish;

xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda TDYUU, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litseyda qoʻshma fakultetlar tashkil etish;

oʻqish uchun toʻlov miqdorini oʻrnatgan holda TDYUU bakalavriat va magistraturasiga tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul parametrlarini belgilash;

bakalavriat va magistraturaga qabul qilishda test sinovlari fanlari majmuasini, shuningdek, oʻqish muddatlari va talabalar tomonidan oʻquv mashgʻulotlariga qatnash tartibini belgilash;

TDYUU va TDYUU qoshidagi akademik litseyda nomutaxassislik fanlarni oʻqitish va fakultativ mashgʻulotlar oʻtkazishni autsorsing shartlarida tashkil etish;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi barcha turdagi, shu jumladan, TDYUU va TDYUU qoshidagi akademik litseyning bino va inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish boʻyicha kelishuvlarni tuzish va amalga oshirish;

innovatsiya va ilmiy faoliyatni tijoratlashtirish hamda moliyaviy resurslarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish uchun tijorat va notijorat tashkilotlar (startap, jamgʻarma va boshqalar) tuzish;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda moliya yili uchun TDYUU va TDYUU qoshidagi akademik litseyning daromadlar va xarajatlar smetasini, shtat jadvalini, biznes-rejasini tasdiqlash, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, bino va inshootlarni kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, xodimlariga ish haqini toʻlash tizimi va tartibini belgilash.

12. Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda:

Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, xodimlar va talabalar (oʻquvchilar)ning odob-axloq kodeksini, xodimlarni korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilishning shaffof tartibini tasdiqlash hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyani tuzish;

TDYUUni 2030-yilgacha xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi eng yaxshi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish, shuningdek, uning milliy reytingdagi oʻrnini yuksaltirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, Notarial palata va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda advokatlar, notariuslar, FHDYO organlari xodimlari, yuriskonsultlar va boshqa xodimlar malakasini oshirish tizimini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

doimiy asosda chop etiladigan taqriz beriladigan talabalar yuridik jurnalini taʼsis etish;

TDYUU qoshida TDYUU va yuridik kadrlar tayyorlovchi respublikaning boshqa oliy taʼlim muassasalari talabalarini ixtiyoriylik asosida birlashtiradigan yosh yuristlar jamoat birlashmasini tashkil etishga koʻmaklashish;

yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalari turkumini amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarni inobatga olib, xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb etgan holda tayyorlash, shuningdek, mamlakatdagi islohotlarning zamonaviy bosqichi ehtiyojlari va ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda oʻquv rejalari va dasturlarini yangilash va qayta koʻrib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqishni taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar faoliyatini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

yuridik fakultetlarni yuqori malakali, zamonaviy taʼlim shakl va uslublarini egallagan, ilmiy salohiyat va amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan pedagog kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;

yuridik fakultetlarda oʻquv jarayonini kredit-modul tizimi, zamonaviy taʼlim texnologiyalari, eng yangi axborot va oʻquv-laboratoriya jihozlarini keng joriy etish va foydalanish asosida tashkil etsin;

yuridik fakultet oʻqituvchilarining har yili Oʻzbekiston hamda xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalarida, ilmiy-tadqiqot markazlarida, qonunchilik, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarida stajirovka oʻtashi boʻyicha dasturlar tayyorlanishi va amalga oshirilishini taʼminlasin;

uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga yuridik fakultetlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.

Yuridik fakultetlar tashkil etilayotgan oliy taʼlim muassasalari rektorlariga yuridik fakultetlar professor-oʻqituvchilari uchun ularning aniq ish natijalarini hisobga olgan holda, oliy taʼlim muassasalarining mazkur fakultetlarida talabalar oʻqishidan tushadigan byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha ustamalar belgilash huquqi berilsin.

15. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yuridik texnikumlarda:

nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, oʻquv jarayoni kredit-modul tizimini qoʻllagan holda tashkil qilinadi;

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshirilib, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul tartibi joriy etiladi;

yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litseyning qoʻshma taʼlim dasturlarini hamda qoʻshma fakultetlarini tugatgandan soʻng oʻqishni davom ettirgan shaxslarga berilgan xorijiy taʼlim muassasalarining belgilangan shakldagi diplomlari (bakalavriat, magistratura) Oʻzbekiston Respublikasida qoʻshimcha maʼmuriy tartib-taomillarsiz oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadi;

bazaviy oliy yuridik maʼlumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar TDYUU magistraturasiga kirish test sinovlarisiz, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, oʻqishni tugatgandan soʻng taqsimot boʻyicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda, kirish huquqiga ega;

b) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab TDYUU qoshidagi akademik litseyda qabul tartibi va parametrlari, shuningdek, oʻqish uchun toʻlov miqdori TDYUU tomonidan mustaqil belgilangan holda, toʻlov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul tartibi joriy qilinadi;

v) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab TDYUU qoshidagi akademik litseyning barcha fanlar boʻyicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari TDYUUga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari kirish huquqiga ega.

16. Belgilansinki:

“Huquq” taʼlim sohasi uchun davlat taʼlim standarti Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;

TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlar professor-oʻqituvchilari va boshqa xodimlari vazirliklar va idoralarning oʻquv, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati, shuningdek, shartnomalar doirasida koʻrsatiladigan xizmatlardan tashqari boshqa ishlarga jalb etilishi mumkin emas;

asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarni sotish, pullik kurslarni tashkil etish va boshqa turdagi xizmatlarni koʻrsatishdan tushadigan barcha mablagʻlar, TDYUU va yuridik texnikumlarning rivojlantirish jamgʻarmalarida toʻplanadi, ular mazkur mablagʻlarni mustaqil ravishda tasarruf qiladi;

2020-yil 1-maydan boshlab TDYUU, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litseyning mol-mulkini ijaraga berishdan kelib tushadigan mablagʻlar elektron savdo maydonchasi operatori toʻlovini chegirib tashlagan holda, toʻliq hajmda mazkur muassasalarning rivojlantirish jamgʻarmalariga oʻtkaziladi;

TDYUUga masofaviy, sirtqi va kechki oʻqitish shakllarini tashkil etish huquqi beriladi;

TDYUU oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlari hisobidan shakllantiriladigan jamgʻarmalarga oʻtkaziladigan barcha ajratmalardan ozod qilinadi.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi vakolatlar berilsin:

yuridik texnikumlarda toʻlov-kontrakt asosida oʻqish qiymati va uni toʻlash muddatlarini, shuningdek, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt boʻyicha qoʻshimcha qabul parametrlari va oʻqish qiymatini tasdiqlash;

TDYUU, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litseyning maʼmuriy-boshqaruv, oʻquv-yordamchi, muhandislik-texnik, xizmat koʻrsatish va boshqa xodimlari namunaviy shtatlarini (normativlarini), shuningdek, yuridik texnikumlar tuzilmasini ishlab chiqish va tasdiqlash;

TDYUU, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litsey xodimlari ish haqi miqdorlarini byudjetdan tashqari (toʻlov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt) mablagʻlar hisobiga mazkur muassasalarning rahbar xodimlari va oʻqituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtirish;

ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yuridik texnikumlarda oʻqish muddatlari va shaklini belgilash;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarining yillik va boshqa moliyaviy hisobotlarini muhokama qilish va tasdiqlash;

TDYUU rektori va Kengashi vakolatlarini, shuningdek, yuridik texnikumlar xodimlari ish haqi tizimi va tartibini belgilash;

adliya organlari va muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalariga (oʻquvchilariga) stipendiyalar va grantlar, shuningdek, adliya organlari va muassasalari xodimlariga xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda oʻqish, stajirovka oʻtash va ular bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun grantlar ajratish.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Advokatlar palatasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

a) nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan maʼruzalar, mahorat darslari va oʻquv seminarlarini oʻtkazish uchun vazirlik va idoralarning amaliyot xodimlarini jalb qilish orqali oʻquv jarayonini samarali tashkil etishda TDYUU va yuridik fakultetlarga doimiy ravishda har tomonlama koʻmaklashsin;

b) uch oy muddatda:

TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarning pedagoglar tarkibi tomonidan advokatlik tuzilmasida stajirovkadan oʻtmasdan hamda TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarda asosiy ish joyi saqlangan holda advokatlik faoliyatini amalga oshirish tartibini oʻrnatish boʻyicha takliflarni kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaliy mashgʻulot va tadqiqotlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratgan holda TDYUU va yuridik fakultetlar kafedralarini tashkil qilishini taʼminlasin;

TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga oʻz idoralaridagi statistik, arxiv va boshqa maʼlumotlarga toʻsiqsiz kirishni (axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan hollar bundan mustasno), shuningdek, taʼlim tadbirlarini oʻtkazish imkonini beruvchi videokonferens-aloqa tizimiga ulanishni taʼminlasin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida yuridik kadrlarni tayyorlovchi taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻqishga qabul qilish va oʻquv jarayonini tashkil etish tartibini ushbu Farmon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish boʻyicha choralarni koʻrsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-iyundagi “Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–1990-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 29-aprel

Поделиться