O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2020-04-29 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarga muvofiq hamda iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish orqali respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yana-da oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni yana-da rivojlantirishning qoʻshimcha vazifalari etib belgilansin:
2023-yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga koʻpaytirishni nazarda tutgan holda, shu jumladan, ishlab chiqarishni boshqarishda axborot tizimlari kompleksini joriy qilish, moliyaviy-xoʻjalik faoliyatda hisobot yuritishda dasturiy mahsulotlardan keng foydalanish, shuningdek, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish orqali uni jadal shakllantirish;
2020-2021 yillarda barcha sogʻliqni saqlash muassasalari, maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirishni koʻzda tutgan holda mamlakatning raqamli infratuzilmasini toʻliq modernizatsiya qilish va zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan barcha hududlarda foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
2022-yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushini 60 foizgacha yetkazishni nazarda tutgan holda davlat axborot tizimlari va resurslarini yaratish hamda integratsiya qilish, davlat maʼlumotlar bazalaridagi axborotlarni unifikatsiya qilish, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibotlarini optimallashtirish va tartibga solish orqali elektron hukumat tizimini rivojlantirish;
dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va texnologik maydonchalar yaratish orqali “raqamli tadbirkorlik”ni rivojlantirish, 2023-yilga kelib ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish;
taʼlim tizimining barcha bosqichlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur boʻlgan raqamli bilimlarning darajasini oshirish, taʼlim infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, “Besh tashabbus” loyihasini amalga oshirish doirasida 2022-yilga qadar respublikaning barcha hududlarida raqamli bilimlarga oʻqitish markazlarini ochish.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik):
raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi;
raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish doirasida axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarning loyihalari va texnik hujjatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini majburiy ekspertizadan oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyasini joriy etish boʻyicha vakolatlar saqlab qolinsin.
3. Vazirlik huzurida quyidagilar:
a) “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
elektron hukumatni rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni taʼminlash;
davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomining yagona idoralararo elektron tizimini joriy etish;
elektron hukumat sohasidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish;
b) “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishga raqamlashtirish jarayonlarining taʼsirini baholash;
ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida yangi yoʻnalishlar va zamonaviy texnologiyalarni chuqur oʻrganish orqali ularni davlat organlari va tashkilotlarida keng joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
iqtisodiyotning turli tarmoqlarida “aqlli” va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek, katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etishning konseptual va uslubiy asosini shakllantirish.
4. Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida:
agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosari lavozimi kiritilsin;
Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi va Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, ushbu bandda nazarda tutilgan vazir oʻrinbosari lavozimini kiritish va boshqarmalarni tashkil qilish Vazirlik markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida amalga oshiriladi.
6. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Agentlikning:
“Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator UZINFOCOM” MCHJning ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Yagona integrator) Vazirlikka begʻaraz asosda oʻtkazib berish;
Vazirlik tashkiliy tuzilmasidagi xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) Vazirlikka oʻtkazib berish;
Agentlik qoshidagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasining axborot tizimlari va boshqa apparat-dasturiy komplekslarini bir hafta muddatda Vazirlik huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasiga begʻaraz asosda oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
8. Quyidagilar:
“Elektron hukumat” tizimining arxitekturasi 4-ilovaga muvofiq;
2020-2022 yillarda elektron hukumatni yana-da rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
2020-2022 yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq;
2020-2022 yillarda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyxati 8-ilovaga muvofiq;
2020-2021 yillarda qishloq va suv xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ushbu qaror bilan tasdiqlangan loyihalar roʻyxatiga aniqlik kiritish huquqi berilsin.
9. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasida (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobraqam ochilsin.
Jamgʻarma maxsus hisobraqamining daromad manbalari etib quyidagilar belgilansin:
mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan toʻlov summasining taqsimlanguniga qadar boʻlgan 35 foizi;
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlangan davlat bojlari, yigʻimlar va barcha turdagi toʻlovlarning 11,25 foizi, shuningdek, Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlangan davlat bojlari va boshqa toʻlovlardan tushadigan mablagʻlarning 0,5 foizi;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
Belgilansinki, abonent raqamlaridan foydalanganlik uchun toʻlov, mablagʻlarning tegishli qismi Jamgʻarmaning maxsus hisobraqamiga oʻtkazilgandan soʻng, boshqa oluvchilar orasida mablagʻlarning qolgan qismidan kelib chiqib, oʻrnatilgan tartibda taqsimlanadi va qonun hujjatlarida belgilangan maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish, integratsiya qilish va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha umumiy qiymati 1 milliard soʻmgacha boʻlgan bitta shartnoma doirasida tanlovlarni faqat Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari oʻrtasida oʻtkazish huquqiga ega;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida ishlatiladigan barcha axborot tizimlari va resurslarining idoralararo elektron hamkorligi faqat “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali amalga oshiriladi.
11. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari tomonidan ommaviy moliyalashtirish (kraudfanding) va opsion-shartnomalarni tuzish tartibini belgilash boʻyicha taklif kiritsin.
12. “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi Yagona integrator bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar aholi va tadbirkorlik subyektlariga axborot xizmatlarini, jumladan, xabardor qilish xarakteridagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan Elektron hukumat xizmatlari haqida axborot berish va xabardor qilish tizimini ishlab chiqsin.
13. Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida mahalliy tadbirkorlik subyektlariga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga egalik qilish, uni yuritish va boshqarish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
Agentlik bir oy muddatda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimining unga tegishli barcha mol-mulk va asbob-uskunalari bilan birgalikda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga belgilangan tartibda topshirilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-avgustga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoʻllanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qogʻozlari va boshqa yuridik hujjatlarni faqat pochta aloqa obyektlari tarmogʻi orqali yetkazib berish tartibini belgilasin.
Vazirlik 2020-yil 1-avgustga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi obyektlari tarmogʻi orqali yoʻllanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qogʻozlari va boshqa yuridik hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berish va yetkazilganligini tasdiqlash, maʼlumotlarni saqlash va hisobga olishning yagona milliy tizimini joriy etsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–3549-son qarori 4-bandi, shuningdek, qarorga 2-4-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 28-aprel