O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Pandemiya sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar viloyatlar kesimida manzilli koʻrib chiqilmoqda

2020-04-24 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-aprel kuni aholi bandligini taʼminlash va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatlarini tiklash masalalari muhokamasiga bagʻishlangan navbatdagi videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Bir oydan ortiq davom etayotgan karantin sharoiti barchaga, eng avvalo davlat boshqaruvi idoralari rahbarlari uchun sinov va tajriba boʻlmoqda. Pandemiyaning aholi turmush tarziga, tadbirkorlar faoliyatiga va iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini yumshatish boʻyicha videoselektor yigʻilishlari oʻtkazilib, aniq vazifalar belgilab borilmoqda.

22-aprel kuni oʻtgan videoselektor yigʻilishida iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror ishlatish, aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari Samarqand va Namangan viloyatlari misolida muhokama qilingan edi. Bu galgi yigʻilishda Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.

Epidemiologik vaziyat haqida gapirganda, Fargʻonada 120 nafar, Qashqadaryoda 6 nafar fuqaro koronavirus bilan kasallangan.

Karantin davrida Fargʻonada 10 ming, Qashqadaryoda 11 mingta korxonaning ishlab chiqarish koʻrsatkichlari keskin kamaygan. Buning oqibatida ayni paytda ishsizlar soni oshgan. Undan tashqari, Fargʻonada 56 mingta, Qashqadaryoda 91 mingta ehtiyojmand oila mavjud.

Yigʻilishda Sogʻliqni saqlash vazirligi va ushbu viloyatlar hokimlariga kasallik yuqtirish xavfi yuqori, oʻrta va past darajada boʻlgan tuman hamda faoliyat turlarini tahlil qilib, karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish boʻyicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish topshirigʻi berildi.

Joriy yilda qurilish va rekonstruksiya ishlari uchun Fargʻonadagi 130 ta obyektga 632 milliard soʻm, Qashqadaryodagi 132 ta obyektga 536 milliard soʻm ajratilgan. Lekin birinchi chorakda mablagʻlarni oʻzlashtirish va loyihalarni amalga oshirish rejadagidan ancha ortda qolgan.

Prezidentimiz aholi bandligini taʼminlash uchun qurilishlarni davom ettirishga ruxsat berilganini inobatga olib, mazkur ikki viloyatdagi obyektlarda belgilangan ishlarni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi.

Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash – eng dolzarb masala. Bu boradagi katta rezervlardan biri esa bogʻ va tokzorlar qator oralaridir.

Fargʻona viloyatida 34 ming gektar, Qashqadaryoda 22 ming gektardan ortiq maydonlarda bogʻ va tokzorlar bor. Lekin har yili faqat 20 foiz qator oralariga ekin ekiladi, xolos.

Shundan kelib chiqib, ushbu viloyatlar hokimlariga mavjud bogʻ va tokzorlar qator oralariga toʻliq ekin ekilishini tashkil qilish, shu orqali aholi bandligini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarda quduq qazib, aholiga boʻlib berish zarurligi qayd etildi. Buning uchun Fargʻonaga 15 milliard soʻm, Qashqadaryoga 11 milliard soʻm ajratilgan.

Kam taʼminlangan oilalarga qoramol, parranda va asalari uyasi tarqatib, kooperatsiya asosida aholi bandligini taʼminlash, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bu yil suv kamligi sababli Oʻzbekiston, Uchkoʻprik, Yozyovon, Qoʻshtepa, Mirishkor, Nishon, Muborak va Kasbi tumanlarida takroriy ekinlarni sugʻorishda qiyinchiliklar boʻlishi mumkin. Shu bois ushbu hududlarda suv kam talab qiladigan, eksportbop dukkakli ekinlar ekish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Gʻalladan boʻshagan maydonlarning 50-60 foiziga fermer oʻzi ishchilari bilan ekin ekishi, qolgan qismini karantin sharoitida vaqtincha ishsiz qolgan va koʻmakka muhtoj aholiga boʻlib berishni tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari karantin qoidalariga amal qilgan holda korxonalarni ishga tushirish, aholi bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan hisobot berdi.

  

Shuningdek, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida ehtiyojmand oilalarga manzilli moddiy koʻmak berish borasidagi ishlar, tadbirkorlar ilgari surgan tashabbuslar haqida aytib oʻtildi.

Manba: O'zA

Поделиться