O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy sud matbuot xizmatining axboroti
2020-04-21 | Jamiyat
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2020-yil 20-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to‘xtatilgan.
Qarorga muvofiq sudlar tomonidan faqat epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish va boshqa ma’muriy huquqbuzarliklarga doir; qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash; qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish; ma’muriy qamoqqa olish; shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish (statsionarda yotish muddatini uzaytirish); shaxsni sil kasalligiga qarshi kurashish muassasasiga g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish (muassasada yotish muddatini uzaytirish); fuqaroni muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risida va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rilishi belgilangan.
Shuningdek, sudlar sud buyrug‘i tartibidagi ishlarni (aliment undirish va boshqalar) ham ko‘rishi mumkin.
Fuqarolar hujjatlarni sudlarga faqat elektron shaklda orqali yuborishi tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, ko‘rib chiqilish uchun tayinlangan ishlar qoldirilganligi sababli, ularni ko‘rilishga qayta tayinlangan vaqti bo‘yicha sud majlisi ishtirokchilariga alohida xabar qilinadi.